Qandli diabet (qand kasali) qanday kasallik, turlari, belgilari, davolash va parhez taomlar

кандли диабет канд касали

Oldingi maqolalarimizda oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanganda birinchi tez tibbiy yordam ko’rsatish, meda yarasi va behuzurlikni davolash hamda inson organizmidagi qonni suyultirish haqida gaplashdik. Bugun esa, halqimiz orasida qandli diabet qand kasali, “boylarning kasali” nomlari bilan mashhur bo’lgan kasallik haqida gaplashamiz. Qandli diabet borgan sari ko’payib, yildan yilga ”yosharib” bormoqda. Achinarlisi, aksar kishilar ushbu xastalikka chalinganini sezmay qoladilar. Chunki uning alomatlari halqimiz mentalitetiga ko’ra, “oddiy” deya baxolanadi va bemorlar shifokorga kechikib murojat qiladi. Bu ko’pchilikning xastalik haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligidan dalolatdir.

Qandli diabet (saxar) qanday kasallik?

Qandli diabet qand kasali endokrin kasalliklar sirasiga kiradi. Uning qisqacha tarifi shuki, qonda qand miqdori me’yordan oshib ketadi. Kasallik oshqozon osti bezida insulin garmoni yetarlicha ishlab chiqarilmasligi yoki hujayralarning insulinga bo’lgan sezgirligi kamayishi natijasida rivojlanadi. Oshqozon osti bezi yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarmasligi oqibatida modda almashinuvi buziladi.

Qandli diabet ikki turga bo’linadi:

  1. Insulin mutlako yetishmasligi, ya’ni oshkozon osti bezining maxsus xujayralarida insulin kam ishlab chikarilishi;
  2. Insulin nisbatan yetishmasligi, ya’ni uning aktivligi susayib, to’qimalarning insulinga bo’lgan ehtiyoji ortib ketishi.

Ikki turning bir-biridan farqi nimada?

Birinchi holatda kasallik insulinga bog’liq bo’lib, u bolalar va o’smirlarda tepki, qizamiq, gepatit kabi virusli infeksiyalarni boshdan o’tkazgandan so’ng boshlanadi. Oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqarishdan to’xtagani uchun bemor qonida insulin miqdori juda kam bo’ladi yoki umuman bo’lmaydi. Shuning uchun bemor tanasida insulin in’eksiyasiga juda katta ehtiyoj tug’iladi. Bu turdagi diabetning yuzaga kelishi va rivojlanishida nasliy omil yetakchi ro’l o’ynaydi. Ota-ona, buvi va buvalardagi oshqozon osti bezi kasalligi bolalarga meros bo’lib o’tadi.  

Bu turdagi bemorlar umumiy qandli diabet qand kasali bilan og’riganlar sonining, taxminan 10 foizini tashkil etadi. Qandli diabetning ikkinchi turi, insulinga bog’liq bo’lmaydi. Bunda oshqozon osti bezi yetarlicha insulin ishlab chiqaradi. Biroq, hujayralarning insulinga bo’lgan sezgirligi kamayadi. Bunga ko’p hollarda hujayra va uning devorida yog’ yig’ilishi sabab bo’ladi. Yig’ilgan ortiqcha yog’ insulin ta’siri uchun to’siq bo’lib qoladi. Insulin hujayralar tomonidan qabul qilinmasa, ortiqcha qand jigar va mushak hujayralarida zahira holda yigilmasa, qondagi qandning miqdori ko’payib ketadi.

Bemorlarning 10 -15 foizida kandli diabetning 1-turi, 85 — 90 foizida esa 2-turi uchraydi. Kasallikning 1-turi 30 yeshgacha bo’lganlarda kuzatiladi va ogir kechadi. 2-turii 30 yoshdan oshganlarda uchraydi va belgilari, xususiyatlari yashirin bo’ladi.

Odatda bunga insonning nosog’lom turmush tarzi, jumladan, yog’li ovqat va shirinliklarni me’yoridan ortiq tanovul qilishi, kamharakatligi, doimiy asabiylashiga sabab bo’ladi. Shuning uchun ham ko’p hollarda qandli diabetning bu turi nasliy moyilligi mavjud bo’lgan semiz odamlarda, yoshlari 40-45 dan o’tgandan keyin rivojlanadi. Bu turdagi diabet bilan kasallanganlar umumiy diabetga chalinganlarning, taxminan, 90 foizini tashkil etadi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, kasallikning ikki turi ham irsiy moyillik sabab kelib chiqadi. Buning oldini olish uchun har bir inson, eng avvalo, sog’lom turmush tarziga rioya etishi zarur. Jumladan, ortiqcha vaznni yo’qotishi, jismoniy harakatda bo’lishi, stres holatlaridan (qattiq hayajon, ruxiy zo’riqish) o’zini asrashi lozim. Shundagina xastalikdan yiroq bo’lish mumkin.

Qandli diabet qanday kelib chiqadi?

Kasallikning kelib chiqishiga quyidagi omillar turtki bo’ladi: yog’li ovqatlarni, shirinliklarni ko’p iste’mol qilish, kamharakatlilik va doimiy asabiylashish. Ba’zida oshqozon osti bezi faoliyatining buzilishi yoki yallig’lanishi, jarohatlanishi. Ayrim holatlarda og’ir ruhiy kechinmalar va yuqumli kasalliklarning asoratlari qandli diabetni keltirib chiqaradi.

Alohida belgilari bormi?

Kuchli tashnalik, peshobning tez-tez kelishi, darmonsizlik va og’iz qurishi kasallikning alomatlari hisoblanadi. Bemorlar bir kecha- kunduz davomida 3- 5 litrdan 7 – 8 litrgacha suyuqlik ichishga majbur bo’ladi va taxminan, shuncha miqdorda siydik ajralib chiqadi.

Bemor siydigida qand miqdori me’yoridan ancha ko’p bo’ladi. Bemor terisi, ayniqsa, oraliq sohalari (qo’ltiq osti, oyoq soni oralari) qattiq qichishadi.

Bundan tashqari, terida yiringli kasalliklar paydo bo’ladi va jinsiy faoliyat buziladi. Bora-bora bemorning ishtahasi yo’qoladi, chanqash va darmonsizlik kuchayadi, teri hamda shilliq pardalar quruqlashib, seruyqu bo’lib qoladi. Shuni ham unutmaslik kerakki, qandli diabet kasalligining boshlang’ich davrlarida uni aniqlash juda qiyin bo’ladi. Chunki uning alomatlari, belgilari odamning e’tiborini tortadigan darajada bo’lmaydi. Ko’p hollarda tashxis tasodifan aniqlanadi, biroq kasallikning sog’liq uchun xavfli asoratlari tez rivojlanadi.

Davolash qanday olib boriladi?

Qandli diabetning ikki turi ham uzoq yillar davom etadi. Kasallik to’g’ri boshqarib borilsa, hayot uchun xavf solmaydi. Diabetologiya yutuqlariga asoslanib aytadigan bo’lsak, hozirgi zamonda bu kasallikni boshqarib turishning imkoniyati juda ham yuqori. Ya’ni, xastalikning turiga qarab, zarur muolajalar tanlanadi va bemor ularga qat’iy amal qilgan holda, o’z sog’ligini muntazam nazorat qilib turishi mumkin. Buning uchun qandli diabetga chalingan bemor, birinchi navbatda, buzilgan bez faoliyatini o’z nazoratiga olishi, uni qaysidir ma’noda boshqarib turishi lozim.

Agar bemor diabetning 1-turi bilan ogrigan bo’lsa, tanasiga insulin yuborib turishi shart. Aytib o’tganimizdek, 2-turdagi qandli diabet rivojlanishiga aksar hollarda semizlik sabab bo’ladi. Bunda bemorlardan tana vaznini nazorat qilish talab etiladi. Shuningdek, bemor kasallikning har ikki turida ham o’z ruxiy xolatini yaxshilashi va ovqatlanish tartibiga qat’iy amal qilishi shart.

Qandli diabetni butunlay tuzatish mumkinmi?

Afsuski, qandli diabetga chalingandan keyin batamom tuzalib ketish hozircha imkonsiz, lekin bu xastalikni bedavo dard deb atash ham noto’g’ri. Chunki bemor qondagi qand miqdorini doimiy nazorat qilib yursa, diabet asoratlarining rivojlanishi ortga suriladi. Buning uchun bemor shifokor ko’rsatmasi asosida dori vositalarini o’z vaqtida qabul qilib, rejali ravishda tibbiy tekshiruvlardan o’tib turishi, to’gri ovkatlanish tartibiga rioya etib, jismoniy faol bo’lishi talab q’ilinadi.

Ana shunda bemor sog’lom odamdek kun kechirishi mumkin. Aksincha, yuqoridagi qoidalarga rioya qilmasa, diabetning og’ir asoratlari rivojlanib, bemorning yashash sifati pasayadi. Hattoki umri ham qisqarishi mumkin. Shuning uchun qandli diabetni kasallik emas, balki ”boshqacha turmush tarzi” ham deyishadi.

Bemor nimalarni bilishi kerak?

Aytish joizki, diabetik bemorlar o’zlarini muntazam nazorat qilib turishlari uchun hozirgi kunda diabet maktablari tashkil etilgan. U yerda bemor uy sharoitida qondagi qand miqdorini nazorat qilishni o’rganadi. Buning uchun ularga maxsus apparat (glyukometrlar) tavsiya etiladi. Kasallikni boshqarib turishda parhez alohida o’ringa ega. Uni esa bemorlar, yuqorida aytganimizdek, diabet maktablarida o’rganishadi. Chunki har bir tur o’zgacha yondashuvni talab etadi.

 Birinchi turdagi kasallikda ovqatlanishdan asosiy maqsad insulin miqdorining iste’mol qilinadigan oziq-ovkat mahsulotlariga mutanosibligini ta’minlashdir. Buni yaxshilab organib olgan bemor huddi soglom kishilarday ovqatlanishi mumkin bo’ladi. Aksincha, kasallikning ikkinchi turi bilan og’rigan bemorlarda tana vazniga qarab oziq- ovqatlar tarkibi va hajmiga cheklovlar kiritiladi.

Parhez qanday tutiladi?

Parhez qandli diabetni davolashning asosidir. Masalan, ikkinchi tur bilan og’rigan, buning ustiga, tana vazni ortikcha bemorlarga shirinliklar, hayvon yog’ida tayyorlangan taomlar, pishiriqlar yeyish mumkin emas. Va yana, yog’li sut va sut mahsulotlari, spirtli ichimliklar, dudlangan va sho’r, achchiq va sun’iy xamirturushli taomlar iste’mol qilish umuman mumkin emas. Jismoniy mashqlarni bajarish bunday turdagi bemorlar qonida qand miqdorini pasaytirishga yordam beradi.

Qand miqdori nega ortadi?

Qondagi qand miqdori ortishiga nafakat oziq-ovqatlar, balki kuchli ruhiy zo’riqishlar ham sabab bo’ladi. Shuning uchun bunday kasallikka chalingan bemorlar parhezga amal qilish barobarida, qattiq hayajon va ruhiy zo’riqishlardan extiyot bo’lishlari zarur.

Qand miqdori oshganini qanday bilsa bo’ladi?

Qonda qand miqdori oshsa, bemorning ah’voli og’irlashadi: og’zi qurib, chanqog’i kuchayadi; tez- tez peshob ajralib, tinkasi quriydi va vazn tashlashi kuzatiladi. Qonda qand miqdori o’ta yuqori bo’lganida, diabetning o’tkir asorati (koma) rivojlanishi mumkin va u inson umriga xavf soladi.

Qandli diabetga chalingan bemor davolanmasa…

Noto’g’ri davolanish yoki to’liq davolanmaslik oqibatida dard zo’rayib, asablar faoliyati izdan chiqadi. Natijada oyoq-qo’llarda og’riq paydo bo’ladi. Kasallik o’tkazib yuborilganda ko’z to’rpardasi tomirlari o’zgaradi, ko’rish sezilarli pasayadi.

Qandli diabet qand kasali ateroskleroz (yurak va qon tomirlari sklerozi)ning rivojlanishiga ham yo’l ochadi. Bu kasallikning yana bir asorati buyraklarning diabetga oid nefropatiyasidir. Ya’ni, buyraklar shikastlanib, boshlang’ich davrda siydikda oqsil paydo bo’ladi.

Kasallik avj olgach, buyrak orqali oqsilning yo’qotilishi kuchayadi, natijada qon bosimi ortadi, kamqonlik rivojlanadi. Pirovardida buyraklar qonni tozalash va siydik ajratish kabi vazifalarini bajarolmay qoladi. Moddalar almashinuvining zararli qoldiqlari qonda to’plana boradi. Tananing o’z-o’zini zaharlashi yuz beradi va bemor ahvoli og’irlashadi.

Qandli diabet kasallikning oldini olsa bo’ladimi?

Albatta, kasallikning oldini olsa bo’ladi. Qandli diabetning oldini olishda, me’yor bilan ovqatlanish, shirinlik va shirin taomlarni ko’p iste’mol qilmaslik, semirishdan saqlanishdir. O’t yo’li va me’da osti bezining yallig’lanish kasalliklarini o’z vaqtida tuzatish muxim o’rin tutadi. Bu kasallikka nasliy moyillik bo’lsa, kishi tez-tez tibbiy ko’rikdan o’tib, qonidagi qand miqdorini o’lchatib turishi zarur.

Unutmang xavf yoningizda…

Yillar o’tgani sari insoniyatning xayot tarzi tubdan o’zgarib, jismoniy faollik kamayib boryapti. Shirinliklar, yogli ozik- ovkatlarni tobora ko’proq iste’mol qilmoqdamiz.  Odamlarda xarakat mutanosibligi buzilishi ortiqcha vazn yigilishiga sabab bo’lmoqda. Ilmiy izlanishlar shuni ko’rsatmoqdaki, ortiqcha vazn, yuqori qon bosimi, modda almashinuvining buzilishi insonni qandli diabet tamon yetaklab boradi. Bu kasallikka chalingan odam xayot tarziga zudlik bilan o’zgartirish kiritmasa, infarkt va insult xavfi 24 marta, qon bosimi ko’tarilish extimoli 7 barobar, buyrak yetishmovchiligi xatari 17 marta, oyoqlarda gangrena rivojlanishi 20 karra oshadi. Kasallik, ko’rish qobiliyatining yo’qolishiga xam sabab bo’lishi mumkin.

Qandli diabet va taomnoma

Ilxom OTAJONOV

tibbiyot fanlari nomzodi, Dietolog

Bemorning ovqatlanish ratsioni qanday bo’lishi lozim?

Qandli diabet qand kasali bilan og’rigan bemorlar taomnomasida yog’li ovqatlar mikdori kamaytiriladi. Kasallik zo’rayib ketganida, sariyog’ va boshqa tur yog’lar mutlaqo berilmaydi. Ovqat kaloriyasining qariyb 20 foizi oqsillardan tashkil topishi kerak. Taom vitaminlarga, ayniqsa, S va V gurux vitaminlariga boy bo’lmog’i lozim. Ovqatni bo’lib-bo’lib, tez-tez yeyishi kerak. Masalan, nonushta va tushlikni ikki mahalga bo’lish lozim. Bunda birinchi nonushtaga bir kunlik ovqat kaloriyasining 25 foizi, ikkinchisiga 10 foizi, birinchi tushlikka 35 foizi, ikkinchisiga 10 foizi va kechki ovqatga 20 foizi to’gri keladi.

Qovurilgan ovqatlar tavsiya etilmaydi, faqat piyozni yog’da dog’lab yeyish mumkin. Qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlarga quyidagi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish man etiladi:

  • Tort,
  • keks,
  • konfet,
  • shokolad,
  • asal,
  • murabbo,
  • marmelad,
  • muzqaymoq,
  • oliy nav (oq) undan tayyorlangan non,
  • xot-dog,
  • gamburger,
  • sho’r va achchiq konservalar,
  • smetana,
  • sariyog,
  • qaymoq,
  • margarin,
  • yogurt,
  • mayonez,
  • gorchisa,
  • qalampir,
  • dudlangan kolbasa,
  • sosiska,
  • kabob,
  • norin,
  • qazi,
  • qo’y yogi,
  • mol yogi,
  • spirtli va gazlangan ichimliklar,
  • kora choy,
  • kaxva,
  • shirin sharbat.

Shuningdek, tarkibida ko’p miqdorda uglevod saqlaydigan mevalar: banan, uzum, arab xurmosi va sabzavotlardan kartoshka yeyish mumkin emas. Bemorlar yog’siz go’shtni, baliqni dimlab yoki qaynatib iste’mol qilsa bo’ladi, qovurilganini esa oz miqdorda yeyish mumkin..

Yana qanday meva va sabzavotlar istemol qilishi mumkin

Bemorning ovqat rasionidan kletchatkaga boy bo’lgan mahsulotlar, ya’ni karamning barcha turlari, sabzi, rediska, loviya (fasoli), bulg’or qalampiri, baklajon va shirin bo’lmagan mevalar joy olishi kerak. Tarvuz qandli diabet kasalligiga shifo bo’ladigan, juda foydali poliz mahsulotidir.

Qovun va uzum esa, aksincha, tanadagi qand miqdorini oshiradi. Shu bois bemorlarga qovun iste’mol qilish taqiqlanadi. Qandli diabet qand kasali bor odam ovqatni sarimsoqpiyoz, karam va sabzi bilan iste’mol qilsa, taom yanada foydali bo’lib, dardiga darmon bo’ladi. Bu turdagi bemorlar taomnomasiga albatta, loviyali ovqatlar kiritilishi lozim. Chunki, loviya organizm uchun zarur vitaminlar, oqsil va mikroelementlarga boy, loviya parhez taom sifatida bebahodir. Mutaxassislar qandli diabet qand kasali bor bemorlar dasturxonida, albatta, yashil loviya kuzog’i bo’lishi kerak deyishadi.

Loviyani ko’pincha ”laxm gusht” deb ham atashadi. Chunki u oqsillarga juda ham boy mahsulot sanaladi. Hayvon oqsilidan farqli ravishda, o’simliklardagi oqsil tana vazni ortishiga olib kelmaydi, bu esa diabetda juda muhim. Qandli diabetda suv o’rnida ichiladigan sharbatlar nordon meva va sabzavotlardan tayyorlangan bo’lishi kerak. Masalan, sabzi, bexi, apelsin, limon, zubturum (rus tilida podorojnik) shirasi bilan aralashtirilgan bodring suvi, olcha suvi. Nordon anor suvi, olma suvi, olxo’ri suvi, yalpizning quyuq shirasi va damlamasi, ko’k choy, tog’ rayhoni damlamasi bemorlarga juda yaxshi ta’sir qiladi. Ulardan har kuni ko’ngil tusaganicha ichish mumkin. Meva sharbatlarini ma’danli (mineral) suv bilan suyultirib ichish ham tavsiya etiladi.

Qandli diabetga chalingan bemorlarga foydali taomnoma va suyuq taomlar

Qand kasaliga qizil loviyali sho’rva

Kerakli masalliqlar: 200 g suyakli go’sht, 1 bosh piyoz, 1 dona kartoshka 1 dona sabzi, 1 dona bulg’or qalampiri, yarim choyqoshiq tomat. Pomidor, 2 oshqoshiq yog’, bir piyola ivitilgan loviya, ta’bga ko’ra tuz, ko’kat va ziravorlar.

Tayyorlanishi: qozonga go’sht solib, 1 soat davomida qaynatiladi. Bu orada tovada avval piyoz sal qovurilib, sabzi, kartoshka va ozgina tomat qo’shib, ikki marta aylantirib olinadi va qaynatma ustiga solinadi. Yarim soatlardan keyin qozonga yana 2 soat davomida iliq suvda ivitilgan yoki o’zi alohida suvda pishirib olingan qizil loviya va bitta lavr yaprog’i solinadi. Ustiga kashnich to’g’rab, qozonning qopqog’i 5 daqiqaga yopib qo’yiladi va olov o’chiriladi. Keyin kosaga solib, bemalol tanovul qilsa bo’ladi.

Qand kasaliga (saxar) gulkaramli qaynatma

Qandli diabet (qand kasali) qanday kasallik, turlari, belgilari, davolash va parhez taomlar

Kerakli masalliqlar: 200 g suyakli go’sht, 1 bosh piyoz, 1 ta sabzi, 200 g gulkaram, 100 g brokkoli, 100 g qo’ziqorin, ozgina grechka.

Tayyorlanishi: qozonga suyakli go’shtni solib, ustidan suv quyib, qaynatishga qo’yamiz. Alohida tovaga bitta piyoz, bo’laklarga bo’lingan sabzi, gulkaram, brokkoli, qo’ziqorin solib, ozgina yogda qovuramiz. Keyin uni bir soatdan buyon qaynayotgan sho’rvaga qo’shamiz va pishishiga yarim soat qolganda, yarim piyoladan ozroq grechka solamiz. Juda shirin sho’rva tayyor bo’ladi.

Qand kasaliga parhezli pishloqli suyuq taom

Kerakli masalliqlar: 300 g tovuq go’shti, 2 litr suv, 1 ta sabzi, 300 gr yashil no’xat, 200 gr jo’xori doni, 100 gr pishloq.

Tayyorlanishi: bir bo’lak tovuq go’shti ikki litr suvda qaynatiladi. Paydo bo’lgan ko’pigi olib tashlanadi. Sabzi bo’laklarga bo’linib, qaynatmaga solinadi va tovuq go’shti titilib pishguncha qaynatiladi. Keyin unga tuyilmagan 3-4 ta murch, yashil no’xat va jo’xori qo’shilib besh daqiqa qaynatiladi. So’ng 100 gr pishloq qirgichdan chiqarilib, solinadi. Darhol olov o’chirilib, qozonning qopqog’i yopiladi. Ovqat 5 daqiqa dimlanganidan so’ng dasturxonga tortiladi.

Bemor uchun”Asnavi” sho’rvasi

Kerakli masalliqlar: 200 g suyakli go’sht, 1 piyola ivitib qo’yilgan qizil va oq loviya, yarim piyola mosh, 2 — 3 oshqoshiq yog’, 1 bosh piyoz, 1 dona sabzi, 1 ta bulg’or qalampiri, 1 oshqoshiq tomat.

Tayyorlanishi: suyakni suvda qaynatib, ichiga oldindan ivitib qo’yilgan qizil va oq loviya, mosh solib pishiriladi. Alohida idishda go’sht, piyoz, sabzi, tomat qovurilib, qaynatmaga qo’shiladi. Oxirida esa bulg’or qalampiri mayda to’g’rab solinadi. Agar uyda qo’ziqorin bo’lsa, uni ham maydalab qo’shvorish mumkin. Sho’rva yanada mazali va to’yimli bo’ladi.

Qandli diabet uchun parhezli”Teftelь” sho’rva

Kerakli masalliqlar: 300 g suyakli go’sht, 150 g qiyma, 1 bosh piyoz, 1 ta sholg’om, 1 dona sabzi, 1 dona bulg’or qalampiri, yarim choyqoshik tomat, 2 oshqoshiq yog’, ta’bga ko’ra tuz, ko’kat va ziravorlar.

Tayyorlanishi: qozonda salat yoki zaytun yog’ini qizdirgach, go’shtni solib, bir-ikki marta aylantirib, to’gralgan piyoz. Tomat, sarimsoq- piyoz, katta to’rtburchak shakliga keltirilgan sabzi, sholg’om, bulg’or qalampirini ham qo’shamiz. Biroz qovurgach, suv quyamiz, 35 daqiqa qaynaydi. Qiymaga tuz, ziravorlar sepib, uni koptokcha shakliga keltiramiz va qozonga solamiz. Pishgach, taomning ustiga ko’katlar sepib, dasturxonga tortamiz.

Qandli diabet uchun parhezli tuxumli ugra

Kerakli masalliqlar: 250 g tovuq go’shti, 3 litr suv, 1 bosh piyoz, 2 ta sabzi (qizil, sariq), 1 ta sholg’om, 3 ta tuxum, ta’bga ko’ra tuz, ko’kat va ziravorlar.

Tayyorlanishi: tovuq go’shti suvda qaynatilib, ko’pigi olinadi. Unga bitta piyoz to’g’rab solingach, past olovda qaynatishda davom etiladi. Alohida tovadagi bir oshqoshiq yog’da piyoz, sabzi, sholg’om ozgina qovurilib, keyin qaynab turgan sho’rvaga qo’shiladi. Alohida idishga 3 dona tuxum chaqilib, bittasi sarig’i bilan, qolgan ikkitasining faqat oqi olinadi. Ko’katlar, tuz, murch qo’shib, aralashtiriladi. Tova ozgina yog’lanib, aralashma yupqa holatda quymoqqa o’xshatib pishiriladi.

Tuxumli aralashmadan 6 ta quymoq chiqadi. Ular sovitilib, lapsha shakliga keltiriladi va bitta lavr yaprog’i bilan qozonga tashlanadi. Tovuq go’shti uzunchoq to’gralib qozonga solinadi. Shu holatda o’n daqiqa qaynagach, olov o’chirilib qopqoq yopiladi, ya’ni taom biroz dimlab qo’yiladi. 5— 10 daqiqadan keyin bemalol kosaga suzib, iste’mol qilish mumkin.

Arpa yormasidan sho’rva

Kerakli masalliqlar: 2 oshqoshiq yog’, 200 g go’sht, 1 tadan piyoz, sabzi, sholg’om, bulg’or qalampiri, yarim piyola ivitilgan arpa yormasi, 1 choyqoshiq tomat yoki bitta pomidor, ta’bga ko’ra tuz, ko’kat va ziravorlar.

Tayyorlanishi: qozonga 2 oshqoshiq pista (yoki zaytun) yog’i quyib  go’sht, piyoz, tomat, sarimsoqpiyoz, sabzi, sholg’om, bulg’or qalampiri solamiz. Me’yorida tuz tashlab, hammasini ozgina qovurib suv quyamiz. Qaynab chiqqach yarim piyola ivitilgan arpa yormasini solib  oddiy sho’rva kabi past olovda qaynatamiz. Taom pishgach, ko’katlar bilan birga iste’mol qilsa bo’ladi.

Qandli diabet uchun karamli taom

Kerakli masalliqlar: 0,5 kg suyakli go’sht, 2 litr suv, yarimta karam, 1 bosh piyoz, 1 ta sholg’om, 1 dona sabzi, 1 ta pomidor, 3 dona lavr bargi, ta’bga ko’ra tuz, ko’kat va ziravorlar.

Tayyorlanishi: go’shtni suvda, taxminan, 2- 2,5 soat qaynating. So’ngra karamni to’rtburchak shaklida (1×1 sm) to’grab soling. Agar karamning mazasi taxir bo’lsa, 2- 3 daqiqaga qaynoq suvda qoldirib, keyin taom uchun foydalaning. Alohida idishda piyozni qovurib, unga sholg’om, sabzi, pomidor qo’shing. Tayyor bo’lgach, karamli qaynatmaga soling. Lavr bargi va ko’katlar ham qo’shing. Sho’rva pishganda esa tuzini rostlang.

Qand kasaliga loviyali shirin sho’rva

Qandli diabet (qand kasali) qanday kasallik, turlari, belgilari, davolash va parhez taomlar

Kerakli masalliqlar: 2 oshqoshiq yog’, 1 bosh piyoz, 1 oshqoshiq tomat yoki 1 dona pomidor, 2- 3 dona sarimsoqpiyoz, yarim bog’ selderey (kashnichsimon oshqovoq). 100 g qiyma yoki laxm go’sht, 1 piyola oq loviya, 1 ta kartoshka, 1 ta qizil sabzi, ta’bga ko’ra tuz va ziravorlar.

Tayyorlanishi: yog’ qizigach, parrak-parrak to’g’ralgan piyozni tillarang bo’lguncha qovurib, so’ng unga qiyma yoki laxm go’shtni maydalab solamiz. Yaxshilab aralashtirib, tomat, to’rtburchak shaklida to’g’ralgan sabzi, kartoshka, sarimsoqni ham qo’shib yuboramiz. Keyin qozonga suv quyib, 1 piyola loviyani solamiz. Sho’rva soat davomida qaynaydi, so’ng tuzini rostlab, to’gralgan selidereyni solamiz. Unutmang, tuz faqat loviyalar pishganidan so’ng tashlanadi.

 Qandli diabet uchun parhezli tovuqli grechka

Kerakli masalliqlar: 200 g tovuq oyog’i, 1 litr suv, 2 ta kartoshka, 1 ta sabzi, 1 bosh piyoz, 1 ta pomidor, 1 piyola grechka yormasi, ta’bga ko’ra ko’kat va tuz.

Tayyorlanishi: qaynab turgan suvga to’g’ralgan tovuq go’shti, piyoz va pomidor solamiz. Keyin bo’laklarga bo’lingan kartoshka va yirik tishli qirg’ichdan chiqarilgan sabzini qo’shib, 10 daqiqa qaynatamiz. Unga yuvilgan grechka yormasini solgach tuzini rostlab, yana 20 daqiqa past olovda qoldiramiz.

Qandli diabet uchun sutli sho’rva

Kerakli masalliqlar: 1 litr suv, 0,5 litr sut, 0,5 kg turli sabzavotlar, 1 piyola smetana va tuz.

Tayyorlanishi: qaynab turgan suvga to’gralgan sabzavotlar: sabzi, keyin kartoshka bilan karamni solamiz. Sabzavotlar pishganda sut qo’shamiz va yana ozroq qaynatib olamiz. Olovdan olishdan oldin smetana qo’shamiz.

Qandli diabet uchun yashil sho’rva

Kerakli masalliqlar: 200 g suyakli go’sht, 1 bosh piyoz, 1 dona kartoshka, 1 ta sabzi, 2- 3 bo’lak sarimsoqpiyoz, 1 bog’ ismaloq, 1 bog’ shovul, 2 bog’ petrushka, 1 bog seliderey, 2 oshqoshiq yog’  2- 3 qoshiq smetana, 1 ta tuxum, ta’bga ko’ra tuz va ziravorlar.

Tayyorlanishi: qozonchaga suyakli go’sht solib qaynatasiz. Bir soatdan keyin piyoz, sabzi, kartoshka, sarimsoqpiyoz solasiz, ovqat  qaynashda davom etadi. Pishgach, maydalangan ismaloq, shovul, petrushka, selidereyni qo’shib, 7 daqiqadan keyin gazni o’chirasiz. Alohida idishda esa tuxumni qaynatib olasiz. Sho’rvani kosalarga suzgach, yarimta tuxum, 1 oshqoshiq smetana solib, murch bilan dasturxonga tortasiz. Juda foydali shurvalardan biri tayyor. U kalsiy, kletchatka, gemoglobinga  boy ovqat hisoblanadi.

“Qandli diabetda shifobaxsh dasturxon” kitobidan

Tuzuvchi: Kamola Sodik kizi

Xamida Boymuxammedova

tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor-endokrinolog

Rating
( 1 assessment, average 5 from 5 )
Макола екдими? Уртокларингиз билан булишинг!:
Islife
Изох колдиринг! Жавоб оласиз...

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: