Qon ketishi, qon oqishi tashqi va ichki bo’lishi mumkin, uni imkoni boricha tezroq to’xtatish kerak. Qon ko’p ketayotgan bo’lsa, vrach chaqirish zarur. Tashqi qon ketishi odatda badan jarohatlanganida ro’y beradi. Agar jarohat qo’l va oyoqda, yuza va kichikroq bo’lsa, qon ketishini to’xtatish uchun unga aseptik bog’lam qo’yib, qattiqroq bog’lab qo’yish kifoya. Qon ketganda bog’lam bir necha qavat doka va paxtadan iborat bo’ladi. Ayni vaqtda (yoki oyoq)ni juda qattiq tortib boglash yaramaydi, chunki bog’langan joydan pastdagi teri ko’karib ketadi.
Yirik arteriya shikastlanishi va chora tadbirlar
Jarohatdan otilib- otilib yoki tizillab qon chiqayotgan bo’lsa, bu yirik arteriya shikastlanganidan darak beradi. Bunda, shikastlangan kishini imkoni boricha tezroq tibbiy muassasaga olib borishdan avval qon to’xtatadigan jgut bog’lab yoki burama solish yo’li bilan qonni to’xtatishga urinib ko’rish zarur. Buning uchun qo’l yoki oyoqni yuqoriroq ko’tarib (agar suyagi sinmagan bo’lsa), jarohatning yuqorisiga, tanaga yaqinroq qilib rezina jgut solish kerak. Jgutni solishda cho’zib turib, qo’l yoki oyoq atrofidan 2-3 marta o’raladi va tugun qilib bog’lab qo’yiladi.
Burama solish uchun dastro’mol, tizimcha yoki ko’ylakdan yirtib olingan bir bo’lak latta ham yaraydi, uning uchlari tugib bog’lanadi. Buramaga tayoqcha (yoki qalam) solib, qon oqishi to’xtagunga qadar tortib burash kerak. Teri shikastlanmasligi uchun burama yoki jgut tagiga yumshoq latta qo’yish lozim. Jgut yoki buramani ko’pi bilan 1,5-2 soat saqlab turish mumkin, aks holda jgut yoki burama qo’yilgan joy pastidagi qo’l yoki oyoq jonsizlanib qoladi.
Agar jgut yoki burama ko’rsatilgan vaqtdan ortiqroq turishi zarur bo’lsa, uni har soatda (qish paytlari esa har yarim soatda) 10 daqiqacha bo’shatib turiladi va ayni vaqtda tipik joylardagi arteriyani jarohat yuqorisidan barmoqlar bilan suyakka bosib turiladi. Uyqu arteriyasi bo’yin umurtqalarining ko’ndalang o’simtalariga, umrov osti arteriyasi umrov suyagiga, son arteriyasi son suyagiga, yelka arteriyasi yelka suyagiga taqab bosib turiladi. Jgut topilmagan hollarda buramani tayyorlab olgunga qadar arteriyani jarohatning yuqoriroq qismidan barmoq bilan bosib, qon ketishini to’xtatib turish kerak, chunki qon ko’p ketishi hayot uchun xavfli.
Vena qon tomiri shikastlanishi va chora tadbirlar
Agar qon jarohatdan tizillab otilib chiqmasdan balki, kam bosim bilan chiqayotgan va rangi to’q qizil bo’lsa, bu venaning shikastlanganini ko’rsatadi. Venadan qon ketayotganida shu joyga bosib turadigan aseptik bog’lam qo’yish kerak. Bunday bog’lam yordam bermasa, jarohatdan pastroqda jgut yoki burama solish zarur. Bog’lamni yetarlicha tortib bog’lash kerak, aks holda qon ketib qolishi mumkin.
Organizmdan qon ketishi bilan bo’liq chora tadbirlar
Qon qusish
Me’da yarasi kasalligida, me’dadan qon ketganda sodir bo’ladi. Vrach yetib kelguniga qadar bemorni yotqizib, tinch qo’yish va unga ovqat, suv bermaslik kerak. Bemorning tushi ostiga muz yoki sovuq suv solingan xalta qo’yish lozim.
* * *
Qon tupurish
Yo’talganda nafas yo’llaridan ko’pgina qon kelishidir. Vrach yetib kelgunicha bemorni o’rniga olib, uni yarim o’tirgan holatga keltirib qo’yish kerak. Gaplashish, issiq choy ichirish taqiqlanadi. Agar bemor tashna bo’lsa, tuz qo’shilgan sovuq suvni (1 stakan suvga 1 oshqoshiq osh tuzi) yarim qoshiqdan berib turish kerak. Bemorni tinch qo’yish lozim.
* * *
Burundan qon kelishi
Eng avvalo burunni yuvmaslik, qoqmaslik va yo’talmaslik zarur. Bemorni o’tqizib, burun teshigiga vodorod peroksidga paxta yoki doka bo’lagini zich qilib tiqish va boshini oldinga engashtirib qo’yish lozim. Bemorning oyoqlariga grelka, ensasiga muz solingan xalta qo’yish mumkin.
* * *
Bachadondan qon ketishi
Ayol jinsiy organlarining ko’pchilik kasalliklarida kuzatiladi. Qon ko’p ketayotgan bo’lsa, bemorni tezda kasalxonaga yotqizish kerak. Vrach yetib kelguniga qadar bemorni yotqizib qornining pastiga muzli xalta qo’yish lozim.
* * *
Ichki organlardan qon ketishi
Bachadondan tashqari homiladorlikda, me’da yarasi kasalligida, qoringa qattiq zarb tekkanida yoki qorin jarohatlanganida sodir bo’ladi.
Belgilari: bemorning rangi oqarib, boshi aylanadi, esnayveradi, hushidan ketadi, tomir urishi tez, lekin zaif bo’ladi. Bemor boshini gavdasidan past turadigan qilib yotqizib qo’yish, hamda iloji boricha tezroq vrach chaqirish yoki uni kasalxonaga olib borish zarur.