Abdulla Oripov tomonidan Muhammad Yusuf haqida aytilgan misralar……
Betakror shoir
Chinakam shoirning qalbida allaqanday sohir qush doimo sayrab turadi, degan gapni ko’p bora eshitgandik. O’sha qush aynan Muhammadjonning, Muhammad Yusufning yuragida oshyon qurganiga men astoydil ishonganman. Uning ko’zlari ham, chehrasi ham hamisha latif bir kuyni xonish qilganday edi.
Vatan haqida juda ko’p yozilgan. Yozilgani yaxshi, albatta. Biroq yozmoq bilan yozmoqning farqi bor. Muhammadjon ukamiz bir sherida <<Yurtim, seni iddaolar qilmay sevaman>> deb aytganda qanchalar haq edi. Darhaqiqat, o’z elini , xalqi, Vatanni chin farzandday, beg’araz, sidqidildan yaxshi ko’rar edi. Shu mehrning natijasi o’laroq , uning sheriyati ham xuddi shunday beminnat va beg’araz sheriyat sifatida maydonga keldi. Va bu oqko’ngil, osmonqalb ukamizdan xuddi shunday sheriyat yodgori qoldi.
Men Muhammadjon bilan uzoq yillar mobaynida yonma-yon yashadim, yonma-yon ijod qildim, yonma-yon ishladim. Hali yoshlik yillaridayoq bunchalik ko’p muxlis orttirgan, do’st og’aynisi bisyor ijodkorni kam ko’rganman. San’atkorlar-ku uning har bir misrasini sozga solishga tayyor edilar. Bularning sababi nimada? Birinchi navbatda Muhammadjon yaxshi inson edi. Yaxshi insonlarga esa boshqalar hamisha talpinadilar. Odamdan odam uzoqlashishini Xudoyim hech kimga ko’rsatmasin.
U obro’ talashmas, izzatni so’roqlab yugurib yurishdan or qilardi. Xuddi shunday yaxshi insongina yaxshi ijodkor bo’lishi tabiiy va qonuniydir. Shu kabi yuksak fazilatlari tufayli Muhammad Yusufni xalqimiz ardoqladi. Uning xizmatlarini davlatimiz munosib baholadi. U O’zbekiston xalq shoiri edi.
Muhammad Yusuf qisqa umr kechirdi. Undan chinakkam, betakror ijodiy meros qoldi. Haqiqiy ma’nodagi barhayotlik, zavol bilmaslik Muhammad Yusuf ijodiga ham taaluqli bo’lgay desam, inshaolloh, xato qilmagaydirman.
Bizdan ozod Vatan qoladi
Bir to’kilib tag’in qomat tikladik,
Yelkalarga millat yukin yukladik.
Ozod vujudlarda rux bo’ldi bino,
Binolar o’rniga davlat tikladik.