- Dimlangan baqlajon
- Sabzavotlar bilan tayyorlanadigan baqlajon
- Qizil bulg’ori bilan tayyorlanadigan baqlajon salat
- Qiymalangan sabzavotli baqlajonlar
- Dumba yog’i solingan baqlajon salat
- Baqlajonni yunoncha usulda tayyorlash
- Go’sht bilan qiymalangan baqlajonli taom
- Baqlajon ikrasi
- Baqlajonni sarimsoq qaylasida dimlab pishirish
Salom do’stlar, oldingi maqolalarimizda suyuq taom tayyorlashning 6 turi, tort pishirishning 4 usuli hamda salat tayyorlashning har xil turlari haqida gaplashdik, bugungi mavzumiz, baqlajondan salat va taom tayyorlash usullari, retseplar, tayyorlash jarayoni haqida bo’ladi.
Dimlangan baqlajon
Kerakli mahsulotlar: 1 kg baqlajon, ta’bga ko’ra tuz, 200 ml suv, 70 gr bug’doy uni, 50 gr margarin, 300 gr smetana, petrushka ko’kati.
Tayyorlanishi: Tayyorlab olingan baqlajonlarni yuvib-tozalab, o,5 sm keladigan halqa shaklida to’g’rab chiqiladi. Keyin 5 daqiqaga tuzlangan suvga solinadi. So’ngra suvini quritib bug’doy uniga bostiriladi va ikki tarafi qovurib olinadi. Keyin esa baqlajonlarni idishga solib, ozgina suv va smetana qo’shiladida qopqog’ini yopib 30 daqiqa dimlanadi. Tayyor bo’lgan baqlajonlar tarelkalarga suzilib, petrushka ko’kati bilan bezatilib dasturxonga tortiladi.
Sabzavotlar bilan tayyorlanadigan baqlajon
Kerakli maslliqlar: 2 dona baqlajon, 1-2 dona piyoz, 3-4 dona pomidor, 3-4 dona qizil bulg’ori, 100 gr pishloq, mayonez, tuz.
Tayyorlanishi: O’rtacha kattalikdagi baqlajonlarni yuvib olib, 0,5 sm keladigan halqa shaklida to’graladi. Ustiga tuz sepib, ikki tomoni yog’ solingan tovada qovurib olinadi. Qovurilgan baqlajonlar maxsus idishga teriladi va ustiga to’g’ralgan piyoz, pomidor va bulg’ori solinadi. Sabzavotlar ustidan mayonez quyib, qirg’ichdan o’tkazilgan pishloq sepiladi. Maxsus patnisga qo’yib, 200-250 gradusli haroratda qizdirilgan duxovkada 20-30 daqiqa usti qizarguncha pishiriladi. Duxovkadan olib dasturxonga tortiladi.
Qizil bulg’ori bilan tayyorlanadigan baqlajon salat
Kerakli masalliqlar: 2 dona baqlajon, 2 dona qizil bulg’ori, 3 bo’lak sarimsoq, 3 oshqoshiq o’simlik yog’i, murch va tuz.
Baqlajondan salat va taom tayyorlash: Baqlajonlarni yuvib halqasimon shaklida to’g’raladi. Ustiga tuz sepib 30 daqiqa tindiriladi. Bulg’ori urug’idan tozalanib, somoncha shaklida to’g’raladi. Tozalangan sarimsoq to’g’raladi va o’simlik yog’i bilan aralashtiriladi. Baqlajonlarning suvi siqiladi. Bulg’ori va baqlajonlar yog’li sarimsoq masallig’i bilan aralashtiriladi. Tuz va murch sepib qovuriladi. Ko’katlar bilan bezab dasturxonga tortiladi.
Qiymalangan sabzavotli baqlajonlar
Kerakli masalliqlar: 4 dona baqlajon, 2 dona piyoz, 2 dona pomidor, 1,5 bog’ petrushka, 4 dona yashil bulg’ori, 4 bo’lak sarimsoq, 8 oshqoshiq zaytun yog’i, 250 ml suv, 0,5 choyqoshiq shakar, tuz.
Tayyorlanishi: Baqlajonlarni yuvib qalinligi 1sm keladigan chiziqlar shaklida kesib chiqiladi. Chiziqlarning birida chuqurcha teshib olinadi va baqlajonlar 15 daqiqaga tuzli sovuq suvga solinadi.
Baqlajonlar 3 oshqoshiq zaytun yog’ida 5-7 daqiqaga qovurib olinadi. To’g’ralgan piyoz 2 oshqoshiq zaytun yog’ida qovurilib, ustiga pomidor, to’g’ralgan petrushka, tuz, shakar va 3 oshqoshiq zaytun yog’idan solib yaxshilab aralashtiriladi.
Baqlajonnung kesilgan joyiga tayyorlangan sabzavot va sarimsoq solinadi. Idishga qo’yib, ustiga 250 ml suv solib past olovda 5 daqiqa qaynatib dasturxonga tortiladi.
Dumba yog’i solingan baqlajon salat
Kerakli masalliqlar: 12 dona baqlajon, 30 gr dumba yog’i, sarimsoq, 2 oshqoshiq o’simlik yog’i, tuyilgan qora murch, tuz, zaytun yog’i.
Tayyorlanishi: Baqlajonlar yuvib, har birida ikkitadan teshik ochib chiqiladi. Ochiq joylariga dumba yog’i va sarimsoq solib tuz va murch sepiladi. Dumba solingan baqlajonlarni tovaga solib, ustidan o’simlik yog’i quyib past olovda 1 soat muntazam ustiga yog’ sepgan holda aralashtiriladi. Dasturxonga tortganda baqlajonlar ikkiga bo’lib, tuz sepib, zaytun yog’i quyiladi.
Baqlajonni yunoncha usulda tayyorlash
Kerakli masalliqlar: 2-3 dona baqlajon, yarim stakan yeryong’oq, o’simlik yog’i, 2-3 bo’lak sarimsoq, 100 gr mayonez, ko’kat, tuz.
Tayyorlanishi: Baqlajonlar yuvilib, parrak shaklida to’g’raladi. Tuzlangan holda o’simlik yog’ida qovuriladi. So’ng yog’i oqizib olinadi. Baqlajonlar ustiga surtish uchun pasta tayyorlanadi: eryong’oq, sarimsoq yaxshilab maydalanadi va ustiga mayonez solgan holda aralashtiriladi. Aralashmani baqlajonlar ustiga surtib dimlanadi. Tayyor bo’lgandan so’ng, ko’katlar bilan bezatilib, dasturxonga tortiladi.
Go’sht bilan qiymalangan baqlajonli taom
Kerakli masalliqlar: 850 gr baqlajon, 40 gr margarin, tuz, 15 gr pishloq yoki qotirma non. Qiyma uchun: 400 gr qaynatilgan mol yoki qo’y go’shti, 250 gr qaynatilgan guruch, 120 gr oddiy piyoz, tuz, murch.
Baqlajondan salat va taom tayyorlash: Baqlajonlarni yuvib, o’rtasidan ikkiga bo’linadi va o’rtasi o’yib olinib tuzlanadi. So’ng o’rtasini qiyma bilan to’ldirib, ustiga qirg’ichdan o’tkazilgan pishloq va qotirma non sepiladi. Ustidan margarin surtilib, duxovkada pishirib olinadi. Ko’katlar bilan bezab dasturxonga tortiladi.
Qiyma tayyorlash: qaynatilgan go’shtni qiymalagichdan o’tkazib, margarinda qovurilgan piyoz, qaynatilgan guruch, tuz va murch bilan aralashtiriladi.
Baqlajon ikrasi
Kerakli masalliqlar: 1 dona baqlajon, 1 dona piyoz, 2 oshqoshiq o’simlik yog’i, ziravorlar, koriandr, tuz, murch, 1 dona pomidor, petrushka, 1 oshqoshiq limon sharbati.
Tayyorlanishi: Baqlajonni yuvib, po’stlog’idan tozalab, mayda bo’laklar shaklida to’g’raladi. Piyoz tozalanib to’g’raladi. O’sumlik yog’ida baqlajon va piyoz ustiga ziravorlar, koriandr, tuz, murchni sepib dimlanadi. Pomidor po’stlog’idan ajratib mayda to’g’raladi. Petrushka ham maydalab to’g’raladi. Pomidor va petrushkani aralashtirib, dimlangan baqlajon ustiga solinadi va yana dimlanadi. Dimlangan sabzavotlar mikser yordamida pyure qilinadi. Hosil bo’lgan masalliq likopchaga solib tindiriladi. Dasturxonga tortishdan oldin, ustiga limon sharbati quyiladi.
Baqlajonni sarimsoq qaylasida dimlab pishirish
Kerakli masalliqlar: 4 dona baqlajon, yarim stakan zaytun yog’i, 3 bo’lak sarimsoq, 1/4 stakan bazilik ko’kati, 1 osh qoshiq limon suvi, tuz, murch.
Tayyorlanishi: Sarimsoq tozalanib, mayda bo’laklarga bo’linadi va yog’da qovuriladi. Olovdan olib, ustiga to’g’ralgan bazilik, tuz, murch sepiladi. Yuvilgan baqlajonlar parrak shaklida to’g’raladi. Parraklarning har bittasi tayyorlangan sarimsoq qaylasiga botirib olinadi. Patnisga zaytun yog’i surtib, baqlajon parraklari terib chiqiladi va duxovkaga qo’yiladi. 10 daqiqa davomida 200 gradus haroratda pishiriladi. Baqlajonlarni o’girib, haligi sarimsoqli qayladan surtib yumshoq holga kelgunicha yana dimlanadi. Tayyor bo’lgach, ustiga limon suvidan sepib, dasturxonga tortiladi.