Salom do’stlar, oldingi maqolalarimizda surunkali xolestit va pankreatit kasalligi, odam suyagi singanda birinchi tez yordam hamda jarohatlangada birinchi tez yordam haqida gaplashdik, bugungi mavzumiz, ayollarda eroziyani davolash usullari, kelib chiqishl, sabablari, natijalari, asoratlari haqida bo’ladi.
Bachadon bo’ynidagi eroziya
Bachadon bo’yni eroziyasi ginekologik kasalliklar orasida eng ko’p uchraydi. Eroziya – lotincha so’z bo’lib, «yuzaning jarohatlanishi» degan ma’noni bildiradi. Bachadon bo’yni shilliq qavatining yuza qismi shikastlanishi oqibatida eroziya vujudga keladi. Bunda asosan, bachadon bo’ynining atrofi qizaradi.
Eroziya kelib chiqish sabablaridan biri – jinsiy a’zolardagi yallig’lanishlardir. Chunki yallig’lanishda bachadondan chiqindi ko’p ajraladi. Bundan tashqari, bachadon bo’ynidagi bezlar ham ko’p shilliq ajratadi va natijada shilliq qavat yuzasi bichilib, shilinadi.
Eroziyalar tug’ma, chin va soxta bo’lishi mumkin. Tug’ma eroziya chaqaloqlarda to balog’at yoshiga yetguncha kuzatiladi. Tug’ma eroziyaga ona qornida rivojlanayotgan homilaning jinsiy a’zolari yetilayotgan paytida ayoldagi gormonal o’zgarishlar sabab bo’ladi. Tug’ma eroziya o’z-o’zidan yo’qolib ketishi mumkin.
Chin va soxta eroziyalar ko’proq balog’atga yetgan qizlardan tortib 18-36-40 yoshgacha bo’lgan ayollar orasida ko’p uchraydi. Chunki bu paytga kelib jinsiy hayot boshlanadi, shu bilan birga, homiladorlik, tug’riqlar davri ham hisoblanadi. Har bir tug’ruq, abortlar, tug’ruqdan keyingi jarohatlar, yallig’lanishlar, virus, bakteriya, zamburug’lar eroziya paydo bo’lishiga olib keladi. Gormonal muvozanatlarning buzilishi, immunitetning pasayishi ham chin eroziya paydo bo’lishiga turtki bo’ladi.
Bu sabablar natijasida bachadon bo’ynining yassi qavati shikastlanadi va jarohatlangan joy chin eroziya deyiladi. Lekin chin eroziya yakka o’zi kechmaydi, unga, albatta, yallig’lanish jarayoni qo’shiladi. Yallig’lanish jarayonida shilliq parda qizaradi, shishadi, bel va qovuq sohasida og’riq paydo bo’lishi mumkin. Qindan yiringli va boshqa oqmalar ajraladi.
Soxta eroziya surunkali yallig’lanish sababli, o’z-o’zidan sog’aymaydi, yaxshi bolmaydi. Shuning uchun bachadon bo’yni eroziyasi aniqlangan ayol, albatta, to’liq davo choralarini qo’llashi kerak. 50 foiz ayollarda kasallik alomatlari namoyon bolmasligi mumkin. Shining uchun har bir ayol yiliga 1-2 marta ginekolog tekshiruvidan o’tib turishi lozim.
Kasallikning og’ir asoratlari
Bachdon bo’yni eroziyasi aniqlangan ayol zudlik bilan davo choralarini boshlashi shart. Chunki bachadon bo’yni eroziyasida odam papilloma virusi joylashadi. Papilloma virusi oddiy bachadon kasalliklaridan tortib, bachadon bo’yni saratoniga olib kelishi mumkinligi aniqlangan. Dunyo aholisi ayollari orasida bachdon bo’yni saratoni ko’krak bezi saratonidan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Shining uchun eroziya aniqlanishi zahoti, zudlik bilan davolanishni boshlash kerak.
Ayollarda eroziyani davolash usullari
Hozirgi kunda bu kasallikni davolashning bir qancha usullari mavjud. Shifokor kasallik darajasiga qarab qaysi usulni qo’llashni belgilaydi.
- Birinchi o’rinda, yallig’lanish jarayoniga qarshi, y’ani infeksiya qo’zg’atuvchi aniqlangandan keyin, konsevativ antibakterial terapiya kursi olib boriladi.
- Diatermokogulyasiya (ya’ni yuqori harorat yordamida kuydirish).
- Kriodistruksiya (ya’ni muzlatib qo’yish).
- Jarrohlik lazeri yordamida davolash.
Hozirgi kunda jarrohlik lazeri ancha keng qo’llanilayotgan va eng samarali usul hisoblanadi. Unda kuydirilgandan keyingi bitsh jarayoni juda tez yakunlanadi. Misol uchun, kuydirish va muzlatish usuli bilan davolashda bitish jarayoni to’rt haftadan sakkiz haftagacha davom etishi mumkin. Lazer yordamidagi usulda esa 3-4 hafta ichida bachadon bo’yni butunlay sog’ayadi.
«Onaning salomatligi – farzandning baxti» kitobidan.