Salom do’stlar, oldingi maqolalarimizda ayollarda miomaning kelib chiqishi, ayollarga oid kasalliklar hamda surunkali xolestit va pankreatit kasalligi haqida gaplashdik, bugungi mavzumiz yuzni oqartirish usullari, yuz va bo’yin terisini parvarishlash, uy sharoitida ajinlarga qarshi niqob tayyorlash usullari haqida bo’ladi.
Yuz va bo’yin terisini oqartirish va parvaishlash usullari
Tana terisini parvarish qilishda, sovunni kamroq ishlatishga harakat qiling, ayniqsa, yuz terisi uchun. Agar sovun ishlatishga to’g’ri kelsa, undan keyin olma, uzum sirkasi, limon, greypfrut sharbati, dorivor giyohlar damlamasi bilan nordonlashtirilgan suvda chayib yuboring. Terini parvarishlashda ishlatiladigan barcha vositalar nordon reaksiyali bo’lishi kerak.
Mevalar, rezavorlar, sabzavotlar, turli xil o’simliklar, nordon sut mahsulotlaridan niqoblar, olma, uzum, limon sharbati va shunga o’xshash sharbatlar foydalidir. Nordon kosmetik vositalar terining reaksiyasini tiklaydi, normallashtiradi, soglom terining yaxshi saqlanishiga, kasal terining tiklanishiga yordam beradi. Bu vositalarning sochlarga ham foydasi katta.
Terini parvarishlash usullari
- Terini muntazam tozalab borish;
- Himoya;
- Namlash;
- Oziqlantirish;
- Moddalar almashinuvini yaxshilash.
Yuz va bo’yin terisini kosmetik va gigenik parvarishda teri liniyalarini e’tiborga olish shart. Bu liniyalar peshonada o’rtadan chakkalarga, ko’zning ustki qismida burun tomondan chakkaga yo’naladi, pastki qismida chakkadan burun tomonga yo’naladi. Burunning yon tomonlaridan quloqlarga, yuqori lab o’rtasidan quloqlarga, iyakning o’rtasidan quloq solinchagiga, qanshardan burunning uchiga yo’naladi. Burunning ustidan yonboshlariga, bo’yinning oldida ko’krakdan iyakka, yon tomonida quloqlardan yelkaga yo’naltirib silanadi.
Teringizning qaysi turga kirishi, yoshga mosligi, mavjud muammolarini aniqlab oling. Yuz terisi normal, yog’li, quruq, aralash tipda bo’lishi mumkin.
35 yoshdan keyin teri hujayralari qariy boshlaydi. Teri asta-sekin suvsizlana boshlaydi. Bunda shirin mevalardan, sabzavotlardan, oqsillar va asaldan tayyorlangan niqoblardan foydalanish kerak. Tabiyy mahsulotlardan o’z qo’lingiz bilan tayyorlagan niqoblar magazindagidan ancha foydali. Chunki ular sun’iy moddalardan tayyorlangan bo’lib , ko’pincha, allergiya chaqiradi.
Yuzni oqartirish usullari va terisini tozalash retsepti
- O’simlik moyi surtish har qanday yuz terisini qurib qolishdan saqlaydi, uni mayin, tarang, elastik qiladi. Zaytun, makkajo’xori, shaftoli moyi ishlatishingiz mumkin. Paxta momig’i(vata)ni issiq suvga botirib siqib tashlang. Keyin moyga botirib, yuz va bo’yin qismlarini arting. 1-2 daqiqadan keyin xohlagan meva sharbati bilan aralshtirilgan giyohlar damlamasi, choy yoki qaynagan suvga paxtani botirib olib surtilgan moyni artib oling.
- Qaymoq, qatiq kabi sut mahsulotlari yuz terisini tozalaydi, namlaydi, oziqlantiradi, oqartiradi, sepkil, dog’larni yo’qotadi. Yuz terisi yog’li va dag’al bo’lsa, yuvish uchun nordon mahsulotni tanlang. Agar yuz teringiz quruq bo’lsa suv bilan chayib oziqlantiruvchi krem surting.
- Suli yormalari (ovsyaniy xlopya) yuz terisini tozalaydi, qora nuqtalarni yo’qotadi, teshikchalarni yopadi, yog’li terini tarang, musaffo va mayin qiladi. Suli yormalarini go’sht qiymalagichdan chiqarib, 1 stakan suli yormasi, 1 choy qoshiq ichimlik sodasi va borat kislotasini yaxshilab aralashtirib shisha idishda saqlang. 1 oshqoshiq aralashmani olib, qatiq yoki suv bilan bo’tqa ko’rinishiga olib keling. Yuzingizga va bo’yningizga surting. Niqob teridan yengil sirg’ala boshlaganda ozgina tuz qo’shilgan sovuq suv bilan yuvib tashlang.
- Chuqur va mukammal tozalash usuli. Bu niqob yog’li, teshikli, ifloslangan terini juda yaxshi tozalaydi. 1 ta tuxum oqida 1 oshqoshiq shakarni aralashtirib eriting. Taxminan 1/3 qismini yuzingizga surting va quriguncha kuting. Keyin qolgan qismini kaftlaringizga surtib, yuzingizga qoqib uruvchi harakatlar bilan ishlov bering. Kaftlaringiz va yuz terisi o’rtasida yopishqoq massa hosil bo’ladi. Uning yordamida teshiklardan to’planib qolgan kir chiqadi. Qo’lingiz yuzga opishmaydigan bo’lguncha davom eting. So’ng niqobning qoldiqlarini sovuq suv bilan yuvib tashlab yengil namlovchi krem surting.Bu niqobni teringiz tozalanguncha kuniga bir necha marta ishlatish mumkin.
«Onaning salomatligi – farzandingiz baxti» kitobidan