Salom do’stlar, oldingi maqolalarimizda ko’z shikastlanganda birinchi yordam ko’rsatish, uyqusizlik sabablari hamda qorin g’uldirashini davolash haqida gaplashdik. Bugungi mavzumiz, dorivor o’simlik, kiyik o’tning shifobaxsh xususiyatlari haqida bo’ladi.
Xalq tabobati o’zining ko’p asrlik tarixi davomida kasal odamlarni asosan o’simliklardan tayyorlanadigan dorilardan foydalanib davolab kelgan. Vatanimiz o’simlik va giyohlar dunyosi g’oyatda boy va xilma-xildir. Xalq tabobatida kiyiko’t alohida o’rin tutishi bilan ajralib turadi. Vujudi xushbo’y bu giyohni azal-azaldan sinalgan beozor 30 tacha kasalliklarga davo sifatida azizlab kelishadi.
Kiyik o’t – labguldoshlar oilasiga kiruvchi bir yillik yoki ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi bo’lib, O’zbekislonda 7 turi uchrashi qayd etilgan. O’simlik bizning sharoitimizda iyun-iyulda gullab, urug’i iyul-avgustda yetiladi.
Kiyik o’t tog’larning shimoliy-janubiy, janubiy-g’arbiy yonbag’irlaridagi shag’alli, toshli, qo’ng’ir tuproqli yerlarda o’sadi. Uni kiyiklar, arxarlar, qo’y, echkilar yaxshi ko’rib yeyishadi.
Mahalliy tillarda kiyiko’tni ba’zan «jamali soch», «takayalpiz» (bosh yalpiz) deb atasalar, tojiklar «xulba»- forslar «fudinai jabali», arablar «baqalatul g’azal», ruslar, yevropaliklar «zizifora» deb nomlaydilar.
Kiyik o’tning barglari, poya va to’pgullarida 2,5 foiz atrofida efir moylari bo’lib, unda menton, pulegon, pinen va metol mavjud. Shuningdek, o’simlik o’zida vitaminlar, organik kislotalar, mikroelementlar va boshqa foydali moddalarni saqlaydi.
Kiyik o’tning shifobaxsh xususiyatlari
Kiyiko’tning shifobaxsh xosiyatlari ko’hna zamonlardan beri ma’lum bo’lib, uni uz davrida Gippokrat tilga olgan edi. Kiyiko’t xalq tabobati amaliyotida yurak quvvatini oshirish uchun, asabni tinchlantirish maqsadida, ichak kasalliklariga davo (kolit, ich ketishi, ichburug’), foyda beruvchi omil sifatida ishlatilgan. Shuningdek, kiyiko’t asosida tayyorlanuvchi dorivor vositalar tomoq og’rig’i, me’da faoliyatining buzilishi, ko’ngil aynishi, yurak sanchig’i behalovatligida taskin beruvchi beozor dori sifatida tavsiya qilingan.
Kiyiko’tning barg va gullari asosida tayyorlanadigan choylar xafaqon kasalligida davo sifatida xam foydalaniladi. O’simlikning barg va gullari asosida tayyorlangan damlama ishtahani ochadi, ovqat hazm bo’lishini tezlashtiradi, chanqoqni qondiradi. Diabetdan ozorlangan bemorlarning dardiga malham bo’lib, tomoq qaqrashi, og’iz qurushidan saqlaydi, peshob haydash xususiyatiga ega. U yuragi salqigan, buyrak, siydik yo’llarida mayda tosh va qum bo’lgan kishilar uchun foydali hisoblanadi.
Xalq amaliyotida kiyiko’t sevimli ziravorlardan hisoblanib, undan turli taomlar va salatlar tayyorlanadi. Kiyiko’tdan meva va sabzavot mahsulotlarini tuzlashda, turli go’sht va baliq mahsulotlarini konservalashda ishlatiladi. Musallas, vino, liker ishlab chiqarishda, bo’za tayyorlashda ham qo’llaniladi. Kiyiko’t asosida oromijon ichimliklar ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan bo’lib, ular nafaqat chanqovbosdi bo’libgina qolmay, balki organizmni mustahkamlash xosiyatiga ham ega.
Kiyiko’tdan attorchilik va atir-upachilik sanoatimizda ham atroflicha qo’llaniladi. Lekin, vatandoshlarimizga kiyiko’tdan bilib-bilmay me’yorsiz foydalanish sog’liqqa salbiy ta’sir etishini eslatib o’tishni lozim topdik. Chunki undan noto’g’ri, me’yorsiz foydalanish natijasida ayrim bemorlarda «Qosh qo’yaman deb, ko’z chiqarish» hollari tez-tez uchrab turadi (masalan, qon bosimini tushirishda, ba’zi teri kasalliklarini tuzatish va boshqalarda).
Tabiblarning mashhuri Abu Ali ibn Sino kiyiko’tdan foydalanishda homiladan ayrilish, peshobda qon paydo bo’lishi kabi asoratlar to’g’risida aytgan. Kiyiko’tdan foydalanish oldidan albatta shularni e’tiborga olib qo’yish lozim.
Safar Muhammadning «Bahoriy shifobaxsh nematlar» kitobidan.