Odam suyagi singanida birinchi tez yordam ko’rsatishga oid ko’rsatmalar

suyak-singanda-birinchi-yordam

Oldingi maqolalarimizda jarohatlanganda birinchi tez yordam, kimyoviy moddalarning organizmga tasiri hamda parhez ovqatlanish qoidalari haqida gaplashdik. Bugungi maqolamiz, suyak singanda birinchi tibbiy yordam ko’rsatish haqida bo’ladi. Qattiq zarb tegishi, yiqilish, o’q tegishi va hokazolar natijasida biror suyak butunligining buzilishi.

 Belgilari – shikastlangan suyakning ma’lum nuqtasida qattiq og’riq paydo bo’lib, atrofidagi yumshoq  to’qimalarga qon quyiladi va shishadi. Shikastlangan qo’l yoki oyoq shaklan va harakatlari o’zgaradi, ba’zan singan suyak bo’laklari qisirlaydi. Qovurg’alar sinishining alohida belgisi esa, chuqur nafas olganda va yo’talganda og’riq turishidir.

 Suyak sinishi yopiq va ochiq (agar badan terisi va mushaklar ham shikastlansa) bo’ladi. Patologik suyak sinishi deb nomlanuvchi siniqlar alohida guruxni tashkil qiladi. Bu suyakning yemirilib borishidan iborat kasalliklar (O’smalar, osteomielit va boshqalar) tufayli kelib chiqadi.

Singan suyakni o’rniga qo’yishga urinish, ya’ni suyak yopiq singanda o’zgargan oyoq yoki qo’l shaklini to’g’rilashga, ochiq singanda esa, chiqib turgan suyakni o’rniga solib qo’yishga harakat qilish mutlaqo yaramaydi. Shikastlangan odamni imkoni boricha tezroq davolash muassasasiga yetkazib borish zarur.

Qanday suyak sinmasin, birinchi galda uni qimirlatmaydigan qilib qo’yish kerak, chunki uning ozgina surilishi ham qattiq og’riqqa sabab bo’lishi, terini teshib chiqishi, qon tomirlarini shikastlab, qon ketishiga olib kelishi mumkin. Suyagi singan joyga har qanaqa qattiq narsa (yog’och, metall, plastmassa)dan darrov taxtakach qo’yish lozim. Hassa, soyabon, tayoq taxta, chizgich va boshqalar taxtakach bo’lishi mumkin.

 Taxtakach singan yoki bint bilan, bint bo’lmasa, kamar, gazlama, tizimcha va boshqalar bilan bog’lab qo’yiladi. Taxtakach singan joyning yuqori va pastidagi ikkita bo’g’im ustidan oshib turadigan (masalan, son suyagi singan bo’lsa, chanoq-son bo’g’imi bilan tizza bo’g’imidan oshib turadigan) uzunlikda bo’lishi lozim. Taxtakachni juda qattiq tang’ib bog’lash yaramaydi, qo’l yoki oyoqning bog’langan joyidan pastki qismi ko’karib yoki oqarib qolmaydigan, lekin shu bilan birga qimirlamaydigan bo’lishi kerak.

Suyak singanda birinchi tez yordam

Taxtakach qilishga hech narsa bo’lmasa, shikastlangan oyoqni sog’ oyoqqa bog’lab qo’yish mumkin, yelka suyagi singanda shikastlangan qo’lni uzatilgan holicha gavdaga bog’lab qo’ysa bo’ladi. Suyak ochiq sinib, suyak singan joyda jarohat ham bo’lsa, uning atrofidagi teriga yo’d nastoykasi surtib jarohatga toza paxta-doka bog’lamidan qo’yib bog’lash lozim. Buning uchun kiyimni yechish kerak bo’lsa, uni avval sog’ qo’l yoki oyoqdan, keyin esa shikastlanganidan yechib olinadi.

Kiyintirishda esa, aksincha yo’l tutiladi. Shikastlangan odamni faqat yaqinroq masofaga qo’lda ko’tarib borish mumkin. Uzoqroqqa esa, uni zambilda olib borish kerak. Zambilni paltodan qilsa bo’ladi. Uning yenglariga uzun tayoqlar kirgizilib, etaklarini shikastlangan kishining oyoqlari ustidan tugun qilib bog’lab qo’yiladi. Bemorni zambilga olayotganda shikastlangan oyog’i yoki qo’lini bir kishi ushlab turishi kerak. Shikastlangan kishini yerdan dast ko’tarib olib, zambilga qo’yiladi. Zambilni ko’tarib ketayotganda oyoqlarni baravar tashlab yurish kerak.

Zinadan tushayotganda esa, bemor oyoqlarini oldinga qaratib olib boriladi. Yelka suyaklari singanda taxtakach qo’lni barmoq asoslaridan to tirsakkacha qimirlamaydigan qilib ushlab turishi kerak. Shundan keyin qo’l ro’mol bilan bo’yniga osib qo’yiladi yoki bint bilan gavdaga bog’lab qo’yiladi. Son suyagi singan bo’lsa, taxtakachlarning biri (uzunligi qo’ltiq tagidan to tovongacha yetadigan) singan oyoqning tashqi yuzasiga, ikkinchisi (chovdan to tovongacha) ichki yuzasiga qo’yiladi, ba’zan pastki tomondan yana bitta taxtakach qo’yiladi.

Boldir suyaklari singanda sonning o’rtasidan to tovongacha yetkazib boldirning tashqi va ichki yuzasidan ikkita taxtakach qo’yiladi. Qovurg’alar singanida ko’krak qafasi sochiq, choyshab, bint bilan o’rtacha tortib turadigan qilib (avval shikastlangan kishini nafas chiqarishga majbur etib) bog’lab qo’yiladi. O’mrov suyagi yoki kurak singan bo’lsa, shikastlangan tomondagi qo’l ham ro’molga osib qo’yiladi. Umurtqa pog’onasi singaniga gumon qilinsa, shikastlangan kishini faner taxta yoki serbar taxtaga ohista yotqizib, so’ngra davolash muassasasiga yuboriladi.

«Birinchi tez yordam» kitobidan:

Tuzuvchilar: Yu Tolipov; Z Xamdamova;

Muxarrir: A Xamro qizi

Taqrizchi:

Toxir Ibragimov

tibbiyot fanlar doktori, professor

Rating
( 1 assessment, average 5 from 5 )
Макола екдими? Уртокларингиз билан булишинг!:
Islife
Изох колдиринг! Жавоб оласиз...

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: