Salom do’stlar! Oldingi maqolalarimiz onajonlar haqida sherlar, kulgili mantiqiy topishmoqlar va vatan haqidagi sherlarni hukmingizga havola qildiik. Bugun, bahor haqida she’r, bolajonlar uchun ko’klam haqida sherlar, matn, qo’shiqlar to’plamini taqdim etamiz.
Bahorimsan
Jondan aziz yorimsan,
Mehnatda madorimsan,
Bo’stonimni yashnatgan
Yam-yashil bahorimsan
Yor dilin yor bilmasmi,
Bilsa darhol kelmasmi,
Yurakdagi sirlarin
Sevganiga demasmi?
Mening yorim guljamol,
Ko’rganlarning aqli lol,
Mehru vafo bobida
Tengi yo’q lafzi halol.
Bog’ aylanib shaftoli,
Uchgan tinchlik kaptari,
Aytsam ado bo’lmaydi
Sevgan yorim daftari.
Akmal Po’lat “Muhabbat yulduzi” kitobidan.
Bahor kelgach
Qahratonda bahorni qo’msab,
Qog’oz gullar o’ylab topdilar.
Shoxchalarni mehrla-la bezab,
Bo’yoqlardan baxmal yopdilar.
Uy to’rida ardoqlab uni,
Madh etdilar suyib har kecha.
Qorlar erib navbahor kuni,
Bo’y taratdi bog’larda g’uncha.
Qog’oz gulga boqmay qo’ydilar.
Xo’rladilar gohi mast-alast,
Soxtasan, deb mazax qildilar,
Guncha husnin etdilar havas
Go’shalarda soxta gul endi,
Hayron boqar odam fe’liga,
Nega avval ixtiro etdi.
Endi esa xo’rlaydi nega?
Yig’lamagil, achchiqdir firoq,
Deya taskin aylayman izhor,
Odamlarda gunoh yo’q biroq
Gunohkordir aslida bahor…
Men bahorda
Men bahorda chiqaman soyning bo’yiga,
To’lqin sapchib qirg’oqqa to’sh urganida.
Men bahorda chiqaman soyning bo’yiga,
Loyqa suvdan gulgun suv ufurganda.
Men kuzakda chiqaman soyning bo’yiga.
Suv betida jimirlab qalqqanda quyosh,
Men kuzakda chiqaman soyning bo’yiga,
To’lqin tinib, quyilib oqqanda yuvosh.
Erkin Samandar «Sevgi fasllari» kitobidan.
Bahor o’zgacha
Shodlanardim har yil bahorda
Ochilganda gullar shokila,
Bu ko’klamda ko’z uzmay yordan,
Quvonaman silab kokilin.
Bultur bahor chiroyin ko’rib,
Chok bo’lishga yetdi yoqamiz.
Bu yil bahor va men termulib,
Yor husniga to’ymay boqamiz.
Bahorim o’rnini
Bahorim o’rnini kuzlar,
Olar bir kun, olar bir kun.
Bu sho’x ko’zlar, bu cho’g’yuzlar,
So’lg’in tortib qolar bir kun…
Qirov bosgach bu boshimni,
Kim anglar ko’zda yoshimni,
Bulut to’sgay quyoshimni,
Shomim botib qolar bir kun.
Javob aylab so’rog’iga,
Kirsam men jannat bog’iga,
Hurlar yur deb, yotog’iga,
Qo’ldan tortib qolar bir kun.
Parilardan o’zing ko’rkam,
Ko’nglim-ku sen bilan, erkam,
Ammo ortga qaray desam,
Bo’ynim qotib qolar bir kun!
Bahorda ko’p og’ir
Bahorda ko’p og’ir, qiqirlab tursa-
Tizzangga suykalib lolaqizg’aldoq,
Beg’ubor yoshliging o’tgan joylarda
Qo’ltiqtayoq bilan hakkalab yurmoq.
Yalang’och novdalar pichirlab tursa
Kuzda, sukunatda cho’kkanda chorbog’,
Ko’p og’ir, indamay ketib borayotgan
Mo’min turnalarga boqib o’y surmoq.
Ko’p og’ir beg’ubor qorlar yoqqanda,
Qishda dala-dashtga qo’nganda tuman
Sopqonga tegmagan o’qni siypalab,
Urushni eslamoq, sandaldan chiqmay,
Hokisor, vafodor xotining bilan.
Muhammad Yusuf “Saylanma” kitobidan.