Salom do’stlar, biz oldingi maqolalarimizda H va X harflari bo’yicha tush tabirlarini ko’rib chiqdik, bugungi mavzumizda, Ch-harfiga oid tushlar ta’birlari, harflar bo’yicha, tushda chivin, chigirtka, chumoli, chumchuq, chayon ko’rsa nima bo’ladi. Shu va shu kabilarga to’liq izohlar beramiz.
Tabiiy ne’matlarga oid tushlar ta’birlari
Chayon – tushda chayon ko’rish turlicha ta’bir qilinadi. Ishonch sustligi, dushman, musibat, hasadgo’yning fitnasidan dalolat. Kishi tushida qo’liga chayon olsa, katta davlatga ega bo’ladi va bu davlat tezda qo’lidan ketadi.
Tushda chayon chaqsa, meros sohibi bo’lishdir, biroq merosni yeb-ichib tugatishga ishora.
Chaqmoq – bo’ydoq yigit tez kunlarda uylanishi, oilali erkak kelishmovchiliklar to’fonida qolishi, oriyati ko’tarmaydigan g’iybat gapga ishora. Shuningdek, salomatligi yomonlashishi, farzandli bo’lish, davlati qo’ldan ketishi, oiladagi tushunmovchiliklarni bildiradi.
Chambar – badf’el, xushmuomalalikni bilmaydigan, xasis kimsani bildiradi.
Chanoq – daromadi ko’payishi, sevgilisining uchrashuvi, yangi do’st orttirish, xushxabarni bildiradi.
Tushda hovuchi to’la chanoq ko’rish rizq-nasibasiga baraka kirishiga ishora.
Chiviq – yaxshi xislatlari bor kimsa, yuksak mavqe, omad kulishiga ishora. Shuningdek, ishonchli do’st, merosga ega bo’lish, kutilmagan xabar, uzoq umrni bildiradi. Tushda notanish kimsa chiviq bilan urganini ko’rsa, g’am-tashvishlardan xalos bo’lib, saodatli kunlari boshlanishidan darak.
Chivin – tushda chivin ko’rish qaysar, birovni zor qaqshatishni yaxshi ko’ruvchi, zaif dushmanga ishora. Shuningdek, g’am-tashvish, keladigan ofat, tavba va istig’for, qilgan xatolari uchun afsuslanish, nomiga tosh otilgan qo’shnini bildiradi.
Chigirtka – yaqin kunlarda keladigan falokat, ishdan ayrilish, savdoda kasodga uchrash, oilaviy kelishmovchiliklar, qarzdor bo’lib qolish, sel kelishini bildiradi.
Chinnigul – pushti rangli chinnigul pokizalik, ishq-muhabbat belgisidir. Qizil chinnigul tezkorlik, shiddatdir. Qora chinnigul ishq-mojarolarini bildiradi. Oppoq chinnigul rizq-nasiba, vafodor erga ishora. Sariq chinnigul mahzunlik, xastalik yo ayriliqni bildiradi. Ola-bila chinnigul esa baxtli, sevinchli kunlar, xushxabarni bildiradi.
Chinor – chinor daraxtini ko’rish oliy nasabli, lekin hech kimga foydasi tegmaydigan kishini bildiradi. Shuningdek, qimmatbaho sovg’a, sarmoya qo’yish, yengil xastalik, nafaqaga chiqish, uzoq umr, meros sohibi bo’lishga ishora.
Chirmovuq – bir-birini qattiq yaxshi ko’radigan sevishganlar, bemorni davolay olgan shifokor, qarindoshlar orasidagi kelishmovchilik, ahloqi yomon, ikkiyuzlamachi oshna, o’tkinchi qayg’u, yolg’on xabarni bildiradi.
Ch-harfiga oid tushlar ta’birlari
Chittak – qadrdon, mehribon do’stga ishora. Katta daromad, meros, farzand, shirin so’zni ham bildiradi.
Bo’ydoq kishi tushida chittak qushni ko’rsa, oqila, xushsurat, shirin til, lobar qizga uylanadi. Oilali kishi chittak ko’rsa, qiz farzandli bo’lishiga ishora. Bog’ida chittak uchib yurganini ko’rsa, yuksak martabaga erishishni bildiradi.
Chiyabo’ri – donishmand kishi, qarindoshning dushmanligi, ishda birovdan qarzdor bo’lib qolish, makkor qo’shnini bildiradi.
Chigit – chigit tushda halol moldir.
Chuvalchang – tushda chuvalchang ko’rish kasallik va omadsizlikka yo’yiladi.
Chug’urchuq – tushda u musulmon, zohid, zaif, sabrli, luqmasi halol kishi. Tushda uning pati yulingani yoki go’shtini tanovul qilganini ko’rsa, u xayr-yaxshilikka erishadi. Uni tushda ko’rish zorlik va kam rizqqa qanoatga ishora.
Chumoli – tushda chumolilar o’rmalab uyga kirib kelayotganini ko’rsa, qo’liga mulk kelishidan dalolat. Tushdagi chumoli dunyoga, boylikka hirs qo’ygan kishini, askar, oila, uzoq umrga ham dalolat. Kim to’shagida chumolini ko’rsa, farzandlari ko’p bo’ladi.
Chumchuq – kimki chumchuq ko’rsa, o’ngida yaqin odamlarning e’tibori va mehrini qozonadi. Tushida kasal chumchuqni ko’rish, o’ngda xafa bo’lishga ishora. Chumchuq-befoyda tashvishlar, puch va’da, mish-mishlar, kayfiyatning buzilishini bildiradi.
Cho’chqa – u tushda kuchli, hiylagar, sabrsiz, lafvsiz dushman. Kim tushida cho’chqani minganini ko’rsa, ko’p mol dunyoga erishadi. Agar uning go’shtini pishirib esa, tijoratda harom molga erishadi.
Cho’ponning iti – cho’ponning iti boshliq tomondan keladigan moldir.
Cho’g’ – u tez keladigan rizqdir. Agar inson tushida undan foydalansa, u mashaqqat bilan topiladigan rizqdir. Ko’pincha cho’g’ ko’rish ilm talab qilishga dalolatdir.
Insonlarga oid tushlar ta’birlari
Chorvador – tushda chorvador ko’rish rizqning ko’p bo’lishiga dalolat. Yana o’yin kulgiga ham ishora.
Chol – tushda keksa yoki o’rta yoshli odamni ko’rish yaxshilikka va yaxshi niyatli do’stga yo’yiladi. Agar yigit yoki qiz tushda qartayib qolganligini ko’rsa, uning jamiyatdagi obro’si oshadi. Ko’p bilimlarga ega bo’ladi, umrining oxirigacha shuhrat topadi.
Baquvvat, sog’lom cholni ko’rish uzoq umrga ishora.
Chiroyli bolalar – agar tushda ularni ko’rsangiz, o’ngda ko’nglingizga xush keladigan tanishuvlar bo’ladi.
Chiqish – tushingizda qo’lingiz yo oyog’ingiz chiqqanini ko’rsangiz, o’ngda biron ish qilishdan oldin yaxshilab o’ylab olishingiz kerak.
Chopar, xat tashuvchi – xat tashuvchi va chopar kabi xabar eltuvchi insonga dalolat qiladi. Chopar esa yaxshilikdan darak beradi.
Chizish – tushda rasm chizish-ruhiy tinchlik zarurligidir. Boshqa odam rasm chizayotganini ko’rsa, dunyoga va o’ziga boshqacha ko’z bilan qarash lozimligini bildiradi. O’zining rasmini ko’rsa, manmanligi yashashiga xalaqit berayotganidan darak.
Cho’kish – tushda cho’kib ketish vaqtincha qiyinchiliklar, ichki qo’rquv paydo bo’lishidir. Tushda cho’kish va havo yetmayotganini his qilish – yurak-tomir tizimi va nafas yo’llari kasallanishi, nevrozni bildiradi.
Chuqur – kimki tushida chuqurlik ichida bo’lib qolsa, o’ngda ishlari yurishmasligiga dalolat. Agar chuqurdan chiqib olsa omad yor bo’ladi.
Chaqaloq – har tomonlama yaxshilikka ishora. Bemor kishi chaqaloq ko’rishi shifo topishidan dalolat. Unashtrilganlarning to’yi bo’ladi, ishsizlar ish topadi, qarzdorlar qarzidan qutuladi. Janjallashganlar yarashadi, farzandsizlar murodiga yetadi.
Buyumlarga oid tushlar ta’birlari
Chilvir – chilvir ko’rish, undan foydalanish mayda qiyinchiliklar, taqdir chalkashliklari, asabning taranglashuvini bildiradi. Chilvirni uzish, janjal kelishmovchilik, stress va yomon kayfiyat.
Childirma – Ibn Sirin aytadilarki, u shuhratdir.
Chipta – tushdagi chipta yangilikka ishora, uni yo’qotish omadsizlikdan darak.
Chiroq – kimki tushida yonib turgan chiroqni ko’rsa, salomatlik va uzoq umr korishidan darak. Uyida chiroq borligini ko’rsa, muborak farzand dunyoga keladi. Chiroq bo’ydoq uchun xotin, kasal uchun shifodir. Chiroq nurlari yoritmaydigan bo’lsa, g’am qayg’uga dalolat.
Chodir – tushingizda yotar joyingizda chodir ko’rsangiz, izzat va boylikka yo’yiladi. O’ngda jamiyatda mustahkam o’rin egallaysiz, sizga yuqori martaba nasib qiladi.
Choyshab – u tushda juftlik munosabatlarining barqarorligidir. Tushda choyshab yuvsangiz, o’ngdagi xafachilikka ishora. Tushda yuvilgan choyshablarni dorga osayotganini ko’rish o’ngda boy merosga ega bo’lishdir.
Chamadon – safarga chiqishga, kutilgan xushxabar, oila qurish, qimmatbaho sovg’a, ayriliqqa ishora.
Chelak – tirikchiligi o’tishi qiyin omadsiz odam, tole kulib boqishi, xushxabar, keladigan yordam, rizq-nasiba, boylik, ayriliq, savobga erishishni bildiradi.
Chek – ruhiy tushkunlikka tushib qolish, mol-duhyo, pulga hirs qo’ygan kishi, atrofdagilarni urishtiruvchi qo’shni, makkor do’st, katta qarzni bildiradi.
Chimildiq – tushda chimildiq ko’rish yangi hayot, yangi orzularni, tashvish, xursandchilik, azob, hayajon, uchrashuv, oila baxtini bildiradi.
Dildora Abdullayeva «Tushlr olami» kitobidan.