Salom do’stlar, oldingi maqolalarimiz T harfi, S harfi va R harfiga oid tushlar ta’birlari haqida bo’ldi, bugungi mavzumizda U – harfiga oid tushlar ta’birlari, tushda uzuk, uy, uloqcha, un, ustun va shu kabilarni ko’rsa nima bo’ladi, batafsil izoh beramiz.
Buyumlarga oid tushlar ta’birlari
Ud cholg’usi – yolg’on so’z, bo’ydoq yigit o’z baxtini topishi, oriyatini yerga uruvchi so’z eshitish, noxush hodisa, oiladagi notinchlikni bildiradi. Tushda uyida ud chalib o’tirganini ko’rish martabasi, shuhrati oshishidan dalolat.
Bemor kishi ud chalsa, tori uzilib ketsa, salomatligi tuzaladi. Homilador ayol ud ushlasa qiz farzandli bo’ladi.
Uzuk – tushda uzuk ko’rish xushxabar eshitish, qiz unashtirish, to’y-tomosha, tashvishlardan qutilish, yuksak martaba, farzand, mehribon singil, xursandchilikni bildiradi.
Uy – sevgan ayoli, badavlat bo’lish, xursandchilikka ishora. Bezatilgan uy ko’rish badavlat bo’lishga ishora. Tushda eski uy qilab tushsa, qo’liga katta miqdorda pul tushishini bildiradi.
Bemor kishi tushida yangi uy olsa tuzalishidan darak. Tushda uyini supursa, qarzlaridan qutilishiga ishora. Bo’ydoq yigit tushda uy ko’rsa lobar qizga uylanishiga ishora. Faqir kishi yangi uy olganini ko’rsa badavlat bo’ladi.
Ustara – tushdagi ustara o’tkir bo’lmasa, do’stlar va qarindoshlarning gapi qattiq tegadi. Ustara sotib olish zerikishga ishora.
Ustun – u tushda dindir. Kim tushida osmonday ustun tushganini ko’rsa, Alloh taolo unga odil do’st, halim sultonni ne’mat qilib beradi. Kim tushida xoda bilan urilganini ko’rsa, u gapdir. Tush ko’ruvchi ayol bo’lsa, ustun eridir. Erkak kishi bo’lsa, otasidir.
Uya – u tushda oila muammolari ramzidir. Uya qurayotgan qushni ko’rish oila quvonchi va baxtidir. Tushda uyani buzish baxtsizlik, kasallik, turli noxushliklardan darak.
Insonlarga oid tushlar ta’birlari
Uzr so’rash – uzr so’rash yaxshilikka ishora. Tushda kishi uni birov kechirganini ko’rishi barcha muammolardan xalos bo’lishini bildiradi. Kishi tushida begona ayoldan uzr so’rashi oilasi, bola-chaqasi bilan rohat-farog’atda uzoq umr ko’rishidan dalolat.
Uyqu – g’aflat uyquda qolish, davlatni boy berish, dangasalik, xayrli ishni boshlash, ishidan ayrilishini bildiradi. Bemor kishi uxlayotganini ko’rsa salomatligi yaxshilanishidan darak.
Uylanish – tushda uylanayotgani, to’y-tomoshani ko’rish berilgan va’dasini bajarishini bildiradi. Tushda o’lgan kimsa bilan uylanganini ko’rish qisqa vaqt ichida ishlari yurishib katta daromad olishini bildiradi.
Homilador ayolga tushda to’y bo’lsa, qiz farzandli bo’ladi. Yigit kishi o’zidan katta ayolga uylanayotganini ko’rsa, boshiga katta falokat tushishiga ishora.
Uchuvchi – tushda uchuvchu ko’rsangiz xursand bo’ling. Sizga kimdir orzularingiz va rejalaringiz amalga oshishida yordam beradi.
Uchish – tushda uchish safar qilishdir. Agar boshi pastga qarab uchsa u rohat bilan safar qiladi. Agar bir tepalikdan boshqa tepalikka uchsa, martabasi yana baland ko’tariladi.
Qanot bilan uchish quvvatli bo’lishga ishora.
Uchrashuv – agar do’stingiz bilan tasodifan uchrashib qolsangiz, o’ngingizda kutilmagan hodisaga uchraysiz. Dushmaningiz bilan uchrashib qolsangiz, o’ngda qayg’uga botasiz. Do’stingiz bilan uchrashuv tayin qilsangiz, sirlaringiz oshkor bo’lishiga ishora.
Urushqoqlik – agar tushingizda o’zingizni urushqoq ko’rsangiz, o’ngda fe’l-atvoringiz bilan ota-onangizni juda qattiq xafa qilasiz.
Uyg’onmoq – tushda inson uyqusidan uyg’onmog’i jiddiy harakat, tavba, foyda va safardan kelishga dalolat qiladi.
Uyg’otmoq – tushda kimnidir uyqudan uyg’otmoq o’ngdagi o’zgarishlarga ishora.
U – harfiga oid tushlar ta’birlari tabiiy nematlarda
Ukrop – u tushda chiroyli kundir.
Uloqcha – u tushda bolaga dalolatdir. Uloqchani so’ysa yoki yesa, farzandi sababli boylikka erishadi. Kim echki, qo’y bolasining ustiga minsa, o’ngida bolalari bilan o’ynaydi.
Un – ko’p unni ko’rish-farovonlik va hayotiy quvvat. Qordek un osmondan yog’ayotganini ko’rish boyligi va luqmasi halolligidan dalolat.
Urug’ – tushda urug’ rizq, ilm, ulug’ ishlarni o’rganishga ishora. Tushda urug’ eksa va yig’ib olsa, obro’ topadi. Bug’doy eksa, yaxshilikka erishadi.
Uchar ilon – ishlarning rivojlanishiga dalolat.
Uzum – halol rizq-nasiba, boy-xotin, yuksak martaba, yangi do’stlar bilan tanishish, ulardan yordam ko’rish, g’am-tashvish, xastalikka ishora. Tushda uzum mavsumida uni ko’rish yil serhosil kelishidan darak. Tushda uzum tarqatayotganini ko’rish do’stlari ko’pligidan daolat.
Urg’ochi mushuk – mushukning urg’ochisi yolg’onchi, yomon ayoldir.
Urg’ochi tuya – u tushda mo’minlarga foyda keltiruvchi chaqqon kishi bo’lib, din va dunyo ishlarida ularga yordam beradi.
Urg’ochi it – tushda u yomon qavmdan bo’lgan pastkash ayoldir.
Dildora Abdullayeva «Tushlar olami «kitobidan.