Salom do’stlar, oldingi maqolalarimiz T harfi, U harfi va S harfiga oid tushlar ta’birlari haqida bo’ldi, bugungi mavzumizda, O’ – harfiga oid tushlar ta’birlari, tushda o’rgimchak, o’rdak, o’rik, o’rmon, o’tin ko’rsa nima bo’ladi, shu va shu kabilarga izoh beramiz.
Tabiiy ne’matlarga oid tushlar ta’birlari
O’rgimchak – u turlicha ta’bir qilinadi. Oilali kishi tushida o’rgimchak ko’rsa, xotini u bilan birga yotishni istamaganiga ishora. Ko’p o’rgimchak ko’rish tush sohibi qarg’ish olgan kimsa ekanidan dalolat. Tushda tomdan o’rgimchak tushganini ko’rish o’sha yili qurg’oqchil bo’lishidan darak.
Uyidagi o’rgimchak inini supurib tozalaganini ko’rish oilaviy hayoti izga tushib, baxtga yetishishiga ishora.
O’rgimchak to’ri – chalkashlik, makkorlik, xoinlik, uzoq davom etadigan ish, qabihlik timsolidir.
O’rdak – tushda o’rdak ko’rish badavlat, lobar ayol, uzoqdan keladigan xushxabar, tashvishlardan qutilish, badavlat qizga uylanishni bildiradi.
Oppoq o’rdak olganini ko’rish tush sohibi yaxshi qizga uylanib baxtli yashashidan dalolat.
Tushda o’rdak go’shti yesa, rizq-nasiba, hosil mo’l bo’lishi, xonadoni fayzli bo’lishiga ishora.
O’rik – o’rik daraxtini tushda ko’rish puli ko’p lekin odamlarga yordami tegmaydigan inson, bemor kishi, yaqinlari hurmat qiladigan hazilkash kimsani bildiradi.
Xom o’rik ko’rish g’am-tashvish, xastalikka ishora. Pishgan, shirin o’rik esa rizq-nasiba, xursandchilikdir.
Daraxtda pishgan o’rik ko’rish xushxabardan darak.
O’rmon – tushda o’rmon ko’rish rizq-baraka, badavlat kishi, ishida to’siqlarga duch kelishi, tavba qilish, boylik, salomatlik, mashaqqatlar ortda qolishiga ishora.
O’rmon daraxtlarining sarg’ayib to’kilishini ko’rish xastalik, tashvish, ayriliqqa ishora.
O’rmonda vahshiy hayvonga duch kelganini ko’rish tush sohibining g’oyatda rashkchi ekanidan dalolat.
O’simliklar – bug’doy, arpa, kunjut, javors va o’tdan boshqa barcha ko’katlar islomdir. Kim tushida ko’m-ko’k dalada yugirib yurganini ko’rsa, u yaxshilik va ibodatda harakat qiladi.
O’sayotgan sholg’om – o’sayotgan sholg’om g’am-g’ussadir.
O’tloq – u tushda mashaqqatsiz topilgan rizq yoki sarfi kam ayol, ilm yoki sadaqa. O’t-o’lan va gullari bor o’tloq dunyo, uning ziynati boyligidir. Gohida o’tloq boylikka erishishga dalolat qiladi. Qurigan o’tloq kasallikka ishora.
O’rmon yong’oqlari – u tushda ruhiyati pok, saxovatli g’arib kishi, mashaqqat bilan topilgan boylikdir. Kim uni yesa mol-dunyoga erishadi. Agar ayol kishi tushida yetilgan funduk ko’rsa, oilasida tinchlik va xotirjamlik bo’ladi.
O’tin – tushda o’tin yorayotgan bo’lsangiz, o’ngda do’stlaringiz va yaqin odamlaringiz bilan ajrashib ketasiz. Yelkangizda o’tin bog’lamini ortib ketayotgan bo’lsangiz, o’ngda ko’p mehnat bilan ozgina foyda olasiz.
O’tin maydalash yaxshi tush. Quvonishingiz va jismoniy handa jinsiy kichga to’lishingizga darak.
O’rim – tushda o’rim ko’rish va unda o’zingiz ishtirok etishingiz, boylik va farovonlikka ishora.
O’rim – sog’liqning yaxshilanishi, kuchga to’lish, mehnat qobiliyatining ortishi va ijobiy hissiyotdir.
O’lgan sichqon – kimki tushida o’lgan sichqonni ko’rsa, o’ngida moddiy qiyinchilikka duch keladi.
O’ – harfiga oid tushlar ta’birlari insonlarga doir
O’ynamoq – tushda biror o’yin o’ynayotganini ko’rish g’am-tashvish, xastalik, musibatli xabar, hiyla-makr, mazax qilish, sevishganlar ayrilishi, do’sti aldab ketishi, ishsizlikka ishora.
O’pka – tushda o’pka ko’rish davlatga ega bo’lish, serdaromad ish, farzand sohibi bo’lishdan darak.
O’lik – janjalkash, mayda gap qo’shni, ishlar orqaga ketishi, musibatli xabar, falokatga ishora.
O’pmoq – tushda birovni o’pganini ko’rish orzulari ushalishi, xushxabar eshitish, farzandli bo’lish, uylanish, ayriliq, manfaatini o’ylashga ishora.
O’q – otilgan o’q nishonga tegsa va u Alloh uchun otilgan bo’lsa, Alloh taolo uning duosini mustajob qiladi. Dunyo tufayli otilgan bo’lsa, bu dunyo-izzat sharafiga yetadi.
Kim o’q otib tekkanini ko’rsa, o’g’il farzand ko’rishiga ishora.
O’kirib yig’lash – Tushda kimningdir o’kirib yig’layotganini eshitish o’ngdagi janjaldan keyin yarashishga ishora.
O’kcha – tushingizda oyog’ingiz o’kchasini ko’rsangiz, o’ngda farzand ko’rar ekansiz.
O’lgan qarindosh – tushda o’lgan qarindosh yoki tanish biron gap aytsa, o’sha gapning rostligiga ishoning, uning aytgani bashoratdir.
O’lish – tushda o’lish-salomatligining yaxshilanishi va uzoq umrdir. Kimki tushida o’lgan bo’lsa, o’hgida safarga chiqadi, muhojirlikda bo’lsa uyiga qaytib keladi. Yana dushman ustidan g’olib bo’lishga, xayru barokatga, shifo va kasallikka dalolat.
O’lja – kim tushida o’lja ko’rsa, dushmanlari ustidan g’olib bo’ladi.
O’lchamoq – kim tushida qarichi bilan kiyim yoki yerni o’lchasa uzoq safarga chiqadi.
O’ng-chapga qarash – insonning o’ng-chapga qarashi ta’madir. Namozdagi yuz burish dunyo va uning ziynatlariga intilishdir.
O’roq – o’roq ko’rish jarohat, og’ir kasallikdan darak. O’roq bilan hosil yig’ish ahvolning yaxshi tomonga o’zgarishi, yaxshi kayfiyatni bildiradi.
O’choq – tushida kishi o’choq ko’rsa, o’ngida badavlat ro’zg’orli bo’lishga ishoradir. Agar tush sohibining tushida o’choq buzilgan bo’lsa, o’ngida ne’mat va rohatini yo’qotadi.
O’rindiq – og’ir yotgan bemor, yo’qchilik, yolg’izlik, g’am-tashvish, kutilmagan mehmonning kelishi, baxtli oilaviy hayotga ishora.
Dildora Abdullayeva «Tushlar olami» kitobidan.