M-harfiga oid tushlar ta’birlari harflar bo’yicha-13

M-harfiga oid tushlar ta'birlari

Salom do’stlar, oldingi maqolalarimiz L harfi, K harfi va Y harfiga oid tushlar ta’birlari haqida bo’ldi, buguni mavzumiz, M-harfiga oid tushlar ta’birlari, tushda masjid, suralar oqisa, momaqaldiroq, muz, maysa, mushuk, mehmon, me’mor ko’rsa nima bo’ladi shunga izohlar beramiz.

Joylar va suralar tushlar ta’birida

Madinai munavvara – tushda Payg’ambarimiz (s. a. v.) yashagan Madinai munavvara shahrini ziyorat qilganini ko’rish niyatlari ijobat bo’lishidan darak. Tushda Payg’ambarimiz qabrlari tomon ketayotganini ko’rish jannat ahlidan bo’lishiga xushxabardir.

Madinada namoz o’qiyotganini ko’rish savobi ko’payib jannat eshiklari ochilishidan dalolat.

Makkai mukarrama – tushda muborak Makka shahrini ko’rish hajga borish, hoji bo’lish, xursandchilik, tirikchilik o’tishi, orzulari ushalishi, qo’rquv va tahlikadan xalos bo’lish, rizq-nasibani bildiradi.

Tushda Makkada o’liklar orasida ekanini ko’rish tush sohibi umrining oxirigacha Makkada yashashini bildiradi. Makkaning qulaganini ko’rish tush sohibining ibodatida nuqson borligini bildiradi.

Maqbara – bu davrlar bog’lanishi timsoli. O’tmishga oid sirlar, yashash joyini o’zgartirishga ishora.

Tushda maqbara olov ichida qolsa, ins-jinslar bilan to’qnashish, ko’z tegishidan saqlanishni bildiradi. Maqbarani suv bosganini ko’rish farzandlariga oid sirlari oshkor bo’lishiga ishora.

Masjid – adolat, ibodatlarda xolis bo’lish, ilm o’rganish, go’zal fazilat sohibi bo’lish, xushxabarni bildiradi. Tushda masjid yonayotganini ko’rish, davlati qo’ldan ketishi yoki noxush voqeadan darak.

Tushda masjid qurganini ko’rish ikki dunyo saodatini o’ylovchi qizga uylanishiga ishora.

Moun surasi – Ibn Sirin aytadilarki, tushda Moun surasini o’qisa, dalildirki, namoz o’qiydi.

Mudassir surasi – Ibn Sirin aytadilarki, tushida Mudassir surasini o’qisa, dalildirki, solih amal qiladi.

Mujodala surasi – Kirmoniy aytadilarki, tushda Mujodala surasini o’qisa, dalildirki, xalqni din yo’liga safarbar qiladi.

Muzzammil surasi – Ja’fari Sodiq aytadilarki, agar tushida Muzzammil surasini o’qisa, to’g’ri yo’l topadi.

Mulk surasi – agar tushda Mulk surasini o’qisa, unga qabr azobi yo’qdir.

Munofiqun surasi – tushda Munofiqun surasini o’qisa, u munofiqdir. Munofiqligidan tavba qiladi.

Mumtahana surasi – Kirmoniy aytadilarki, tushda Mumtahana surasini o’qisa, dalildirki, suhbati ahli salohlar bilan bo’ladi.

Mursalot surasi – tushda Mursalot surasini o’qisa, yolg’on aytishdan tavba qiladi, to’g’ri yo’lni qidiradi, degan ulamolar.

Mutaffifin surasi – Ja’fari sodiq aytadilarki, agar tushida mutaffifin surasini o’qisa, dalildirki, hamma bilan chiqishib ketadi.

Muhammad surasi – Ibn Sirin aytadilarki, tushida Muhammad surasini o’qisa, dalildirki, dushmanidan zafar topadi. Kirmoniy aytadilarki, ofatu balodan ozod bo’ladi.

Mo’minun surasi – Ibn Sirin aytadilarki, tushda Mo’minun surasini o’qisa, dalildirki, jannatga kiradi.

Moida surasi – tushda Moida surasini o’qisa, sharaf topadi, moli ko’payadi, salomatligi yaxshilanadi.

M-harfiga oid tushlar ta'birlari harflar bo'yicha-13

Tabiiy ne’matlarga oid tushlar ta’birlari

Moychechak – tushda moychechak ko’rsangiz o’ngda sizni qiynab yurgan savollarga javob olasiz.

Momaqaldiroq – boy odam tushida momaqaldiroq ko’rsa, kambag’allashadi. Kambag’al odam momaqaldiroq ko’rsa farovonlikka erishadi.

Yomg’irsiz momaqaldiroq ko’rish xavflidir. Momaqaldiroqni kuzatib turish, ruhiyatning beqarorligi, xavfli voqealar yuz berishidan darak.

Muz – u tushda tashvish, xavf, stress va azobdir. Lekin, inson bir idishga suv quysa, u muzlab qolsa, ketmas davlatga erishadi. U qishda ko’rilsa, g’am-tashvishlar ketishiga ishora. Dushman va hasadgo’ylarning mag’lub bo’lishini bildiradi.

Mum – tushda oq mum ko’rish sog’lom bo’lishga, sariq mum aldovga ishora. Erigan mumni ko’rsangiz, ziyon ko’rasiz, yongan mumni ko’rsangiz, qayg’uga botasiz.

Mumiyo – u tushda uzoq davom etadigan og’ir kasallik.

Murabbo – tushda murabbo ko’rish orzularga ishora. Uni pishirish o’ngdagi ishlarning rivojidan dalolat.

Murch – tushda murch maydalasangiz, o’ngda aldanib qolasiz. Qiz bola murch sepib yeyayotgan bo’lsa, o’ngida uni do’stlari aldab ketadi.

Mushk-anbar – tushdagi mushk-anbar muhtaram malaklarga dalolatdir. Zero, u orqali foyda, daromad, bog’-bo’ston yoxud ulamolarning nafis ilmi keladi.

Maysa – oiladagi go’dakni bildiradi. Tushda o’t-maysa ko’rish tashvish, o’tkinchi, yengil xastalik, xushxabar, to’y-tomosha, oila baxtini bildiradi. Oilali kimsa maysa ko’rishi farzandli bo’lishiga ishora.

Makkajo’xori – dunyo havaslaridan voz kechib faqat oxiratini o’ylaydigan insonga ishora. Shuningdek, ko’p farzandli badavlat oila, moli ko’pligi, savdoga pul aylantirish, serdaromad ish, xushxabar, kuch-quvat, salomatlikni bildiradi.

Mandarin – salomatligi yaxshilanishi, tartib-intizomini yaxshi ko’radigan, uddaburon odam, badqovoq kimsa, xursandchilik, shodiyona, nochor do’st, ayriliqni bildiradi.

Mevalar – u tushda xotindir, rizqdir. Mevalar faqir kishi uchun boylik, boy kishi uchun ziyodalikdir. Meva mo’l-ko’lchilik ramzi. Meva yeyish sog’lik joyidaligini bildiradi. Chirigan va pishmagan meva yeyish yengil dardni bildiradi. Qurigan meva kasallikka ishora.

Mineral suv – mineral suv ko’rish, ichish yoki cho’milish shu suv bilan davolash mumkin bo’lgan kasallikka ishora.

M-harfiga oid tushlar ta’birlari hayvonlar haqida

M-harfiga oid tushlar ta'birlari harflar bo'yicha-13

Maymun – tushda maymun ko’rish uyatsiz kishiga, makkor, xoin, zolim dushman, og’ir gunoh qilish, omonatga xiyonat qilishni bildiradi.

Musicha – bo’ydoq yigit tushida musicha ko’rsa, ezma, gapida tayini bo’lmagan bironta ayolga uylanishiga ishora.

Mol go’shti – tushda mol go’shtini ko’rish ko’ngilsiz voqea, noxushlik, kasallik belgisidir.

Mol – tushda mol podasini o’tlatayotgan bo’lsangiz, o’ngda farzandlaringiz bilan munosabatingiz yaxshi va ularning yaqin sirdoshi bo’lasiz.

Mushuk – tushda mushukni tutib olish istaklarning amalga oshishiga dalolat. Qora mushuk ko’rish ko’z tegishi, kinna belgisi. Oq mushuk – tashvish; qizg’ish mushuk – aldov; kulrangi – sog’inch; yotgan mushukni ko’rish – dushmanlarning xiyla-nayrangiga ishora. Erkalanib suykalayotgan mushukni ko’rish – yaltoqlanish, aldov, yolg’on sevgining yovuzligini bildiradi.

Kishilarga oid tushlar ta’birlari

M-harfiga oid tushlar ta'birlari harflar bo'yicha-13

Mastlik – u tushda g’am-qayg’u va mahzunlikka dalolat. Mastlik sharob tufayli bo’lsa, mol-davlatdir. U tufayli bo’lmasa xavf-xatardir. Mastlik erkak va ayollar uchun yaxshilik belgisi emas.

Masxaraboz – tushda masxarabozni ko’rish o’ngda dam olish kuni ko’ngilli o’tishi va xushxabardan darak.

Meros – tushda merosga ega bo’lish, qiyin ahvolda to’satdan keladigan yordamga ishora.

Mehmon – tushda uyiga mehmon kelganini ko’rish, orzulari amalga oshishi va yaxshi xabardan darak. Tushdagi mehmon o’g’il farzand, rizqqa bashoratdir. Uyingizga mehmon kelsa, o’ngda oilangizda muhim va quvonchli o’zgarishlar ro’y beradi.

Me’mor – kimki tushida me’morni yoki me’mor bo’lganini ko’rsa, uning yuksak fazilat sohibi bo’lishiga ishora.

Me’morni ko’rish – hayajon va tashvishlar, hayotingizda o’zgarishlar sodir bo’lishini bildiradi.

Militsioner – tushda militsioner ko’rish noxush voqealar, yomon kayfiyat va nevrozga ishora. Yashirib yurgan ishlaringiz oshkor bo’lishidan darak. Bemorlar bunday tush ko’rsalar sog’ayishidan darak.

Majlis – yuksak martaba, oqila ayol, farzand, sirini ishonib aytgan do’stga ishora.

Manzil so’rash – tushda birovdan manzil so’rash rohatsizlik, bezovtalikka kiradi. Kutilmagan yerdan xabar eshitadi. Yo’qotgan molini topadi. Yosh qiz tushida manzilini bersa, sovchilar kelishiga ishora.

Maosh olish – tushda maosh olish ishsiz kimsa ish topadi, oilada farzand dunyoga keladi, kutilmagan merosga ega bo’ladi, yangi uyga ko’chib o’tadi, shodiyonani bildiradi.

Maktub – tushda maktub keladigan xabar, g’am-tashvish, iztirob chekish, sevinch, baxt, xastalik, yo’qchilik, boylik, oila notinchligi, uylanishga ishora.

Mehmonxona – erkak kishi tushida mehmonxonaga borsa, o’ngda shu shaharlik qizga uylanadi. Qiz bola shunday tush ko’rsa bo’lajak turmush o’rtog’i hamisha safarda bo’ladi.

Mo’ylov – u tushda mol-davlatdir. Kim tushida mo’ylovini qisqartirsa, sunnatga erishadi. Mo’ylov uzun bo’lsa, sunnatga makruhlikdir.

Murda – tushda murdani quchoqlasa, uzoq umrga ishora. Murda uxlayotgan yoki yalang’och ko’rinsa, unda o’lgan odamning arvohi tinchligini bildiradi. O’lik bilan xonada yotish, kasallik va kayfiyatning yomonlashuvini bildiradi.

Musiqa – tushingizda musiqa chalinganini eshitsangiz, raqibingizdan g’olib kelishingizga ishora. Shovqin-suronli musiqa tinglash, kishi ayolidan ozor topishidan dalolat.

Buyumlarga oid tush ta’birlari

M-harfiga oid tushlar ta'birlari harflar bo'yicha-13

Marmar – ahil-inoq yashovchi er-xotin, qimmatbaho mol, o’g’il farzand, shodiyonaga ishora. Tushda marmar ustunlarni ko’rish yuksak martaba, baxt-saodat, boylikni bildiradi.

Marka – yaqin do’st, maktub kelishi, vasiyat yozish, guvohlik berish, va’dasini bajaruvchi odam, ahil-inoq oila, oson topilgan halol pul, yaqinlarining e’tiborini bildiradi.

Mo’yna – u tushda qishda kiygan kishi uchun yaxshilikka yetishi va faqirligini to’sishdir. Agar yozda bo’lsa, g’am-tashvish aralash yetadigan yaxshilikdir. Mo’yna kiyimga o’ranish shamollash ehtimolidir.

Muhr – kimki tushda muhr ko’rsa, o’z sirini boshqalardan yashirishi kerak. Biron hujjatga muhr bosish foydali tanishuvga yo’yiladi.

Munchoq – tushda munchoq ko’rish yoki taqib yurish, mayda tashvishlar, bo’yin sog’ligi muammosidan darak. Munchoq shodasining uzilishi kasallikka ishora.

Motor – tushda motor ko’rish vujudni jismoniy kuchaytirishni bildiradi. Organizm va yurak kamharakatlikdan azob chekayotganidan dalolat.

Marvarid, dur – tushda marvarid topib olganini ko’rish marvaridday chiroyli farzandi bo’lishiga ishora. Durlar katta-katta bo’lsa, katta davlatga ega bo’ladi. Tushda marvaridlar ipga tizilganini ko’rish ilm va hikmatdan dalolat.

Homilador ayol dur ko’rishi, o’g’il farzandli bo’lishiga ishora. Tushda qo’liga dur berishganini ko’rish tush sohibining badavlat qarindoshlaridan biri bilan oila qurishiga ishora.

Marjon – qiz farzand, kutilmagan xushxabar, to’y-tomosha, sevishganlar ayrilishi, sog’inchni bildiradi.

Dildora Abdullayeva “Tushlar olami” kitobidan.

Rating
( No ratings yet )
Макола екдими? Уртокларингиз билан булишинг!:
Islife
Изох колдиринг! Жавоб оласиз...

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: