- Surunkali xolesistit kasalligining kelib chiqishi
- Xolesistit kasallikning qanday belgilari bor
- Surunkali xolesistit tinchlik (remissiya) davrida tavsiya etiladigan taxminiy taomnoma
- Surunkali pankreatit kasalligida parhez ovqatlanish
- Kasallikning qanday belgilari bo’ladi
- Surunkali pankreatitning tinchlik (remissiya) davrida tavsiya etiladigan taomnoma
O’ylashing gar bo’lsa yeyishu to’qlik
Undan boshqa narsa sen uchun yo’qlik
Abduraxmon Jomiy
Salom do’slar, oldingi maqolalarimizda odam suyagi singanda birinchi yordam, jarohatlanganda birinchi tez yorda hamda kimyoviy moddalarning organizmga tasiri haqida gaplashdik, bugungi mavzuda, surunkali xolesistit va pankreatit kasalligining kelib chiqishi va davolash, parhez ovqatlanish foydalari, nimalar mumkinu, nimalar mumkin emas shu haqda gap boradi.
Surunkali xolesistit kasalligining kelib chiqishi
Surunkali xolesistitda o’t qopining turli xil kechishdagi yallig’lanishi kuzatiladi. Xolesistit kasalligining yuzaga kelishiga sabab, ovqatlanish tartibining buzilishidir. Oziq-ovqat maxsulotlarini iste’mol qilishdagi buzilishlar, turli xil infeksiyalar, lyambliyalar rivojlanishiga olib keladi. Hazm a’zolari kasalliklari (gastrit, oshqozon va o’n ikki barmoqli ichak yarasi, gepatit, pankreatit), spirtli ichimliklarni iste’mol qilish va boshqalar hisoblanadi.
Xolesistit kasallikning qanday belgilari bor
O’ng qovurg’a ostida og’rik, o’ng tomondan kurak atrofida og’rik, zarda qaynashi, kekirish, kayfiyatning buzilishi, ba’zida tana xarorati ko’tarilishi kuzatiladi. Kasallik turlicha og’irlikda kechadi. Ba’zida o’t qopida tosh paydo bo’lishi mumkin, bu esa o’t qop-tosh kasalligiga olib keladi. Bu kasallikda parhez ovqatlanish muhim hisoblanadi.
Ovqatlanish bilan o’t qopida o’t yig’ilishi va uning ajralib ichakka tushishi kuzatiladi. Ko’p ovqat yeyish va uzoq ovqatlanmay yurish o’t qopida o’tning dimlanishiga va uning ajralishiga salbiy ta’sir qiladi. Shu sababli bu kasallikda kuniga 5 marta ovqatlanish tavsiya etiladi. Ovqat ratsionida oqsillar miqdori fiziologik meyorda bo’lishi kerak.
Yog’lar, o’simlik yog’i miqdorini ko’paytirish bilan o’t ajralishi yaxshilanadi. Hayvon yog’laridan sariyog’ tavsiya etiladi. Dumba, mol yog’i, yog’li go’sht iste’mol qilish taqiqlanadi. Meva va sabzavot mahsulotlari, ulardan tayyorlanadigan sharbatlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Surunkali xo- lesistitda piyoz, sarimsoq, shovul, ba’zi ko’katlar tavsiya etilmaydi. Kasallikning kuchaygan davrida pyure, tvorog, yog’siz go’sht, tuxum oqi, kampotlar buyuriladi.
Surunkali xolesistit tinchlik (remissiya) davrida tavsiya etiladigan taxminiy taomnoma
= | Ovqatlanish tartibi | Ovqatlar turi |
1. | Nonushta | Shirqovoq 150gr, choy (kiyik o’ti solingan) |
2. | Ikkinchi tushlik | Dimlangan olma shakar bilan |
3. | Tushlik | Yarim kosa arpadan ezib tayyorlangan qiymali parhez taom, qaynatma sho’rva, bug’da pishgan kotlet, kartoshka pyuresi bilan 50/70 gr olma sharbati |
4. | Ikkinchi tushlik | Ivitilgan turshak sharbati |
5 | Kechki taom | Go’shtsiz yumshoq pishgan shavla 200 gr, limon choy, qatiq |
Surunkali pankreatit kasalligida parhez ovqatlanish
Surunkali pankreatit — oshqozonosti bezining yallig’lanishiga aytiladi. Oshqozonosti bezi bir qator fermentlar ishlab chiqaradi, fermentlar esa, hazm jarayonida ishtirok etadi. Oshqozonosti bezining yallig’lanishi fermentlar ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Bu esa o’z navbatida hazm jarayonining buzilishiga sabab bo’ladi.
Kasallikning qanday belgilari bo’ladi
Qorinda og’riq qorinning tepa qismida tasmasimon ko’rinishda bo’lib, yengil simillashdan, qattiq og’riq darajasigacha bo’ladi. Bemorda ko’ngil aynish, ishtaha pasayishi, og’ir kechganda qusish, bezovtalanish kuzatiladi. Surunkali pankreatit kasalligini davolashda dori-darmon bilan parhez ovqatlanish ham muhim rol o’ynaydi.
Parhez ovqatlanish kasallikning og’irlik darajasiga qarab qirilgan va qirilmagan oziq-ovqat mahsulotlaridan taom tayyorlanadi. Oqsillar, yog’lar, uglevodlar kasallikning kechishiga qarab davolovchi shifokor tomonidan buyuriladi. Kasallikning tinchlik (remissiya) davrida oqsil va vitaminlarni ko’paytirilgan miqdorida, yog’ va uglevodlar kamaytirilgan holda buyuriladi.
Bemorga qovurilgan ovqatlar tavsiya etilmaydi. Dimlangan va qaynatilgan holda beriladi.
Shunday qilib, surunkali xolesistit va pankreatit kasalligining kelib chiqishi va davolash o’z qo’limizda. Shuning uchun parhez ovqatlanish eng muhim yo’l hisoblanadi.
Surunkali pankreatitning tinchlik (remissiya) davrida tavsiya etiladigan taomnoma
= | Ovqatlanish tartibi | Ovqatlar turi |
1. | Nonushta | Sulidan bo’tqa, tuxum oqidan tayyorlangan quymoq, choy |
2. | Ikkinchi nonushta | Tvorog smetana bilan |
3. | Tushlik | Kuchsiz, go’shtsiz sabzavot sho’rvasi, kartoshka pyuresi bilan, qaynatilgan tovuq go’shti, limon choy |
4. | Ikkinchi tushlik | Dimlangan olma |
5. | Kechki taom | Kartoshkali pyure, kefir |
Xo’jamurod Sultonovning «Sog’lom ovqatlanish» kitobidan.