Salom do’stlar, oldingi maqolalarimizda parhezli sutli sho’rva tayyorlash, tort pishirishning 4 usuli, turli tortlar tayyorlash yo’llari hamda tortlar retsepti va kerakli masalliqlar haqida gaplashdik, bugungi mavzu, go’sht mahsulotlaridan tayyorlanadigan taomlar to’g’risida bo’ladi.
Garnir bilan qaynatilgan go’sht
- Kerakli masalliqlar: 900 gr mol go’shti, 1-2 litr suv, xom sabzavotlar: 1 bosh piyoz, petrushka, seldr, sabzi, lavr yaprog’i va ozgina tuz.
- Garnir uchun: 250 gramm qaynatilgan sabzi, 300 gramm qaynatilgan kartoshka, 200 gramm tuzlangan bodring, 100 gramm yashil no’xat (konservalangan), petrushka ko’kati yoki 400 gramm yangi bodring, 400 gramm yangi pomidor, 200 gramm ko’k salat, 200 gramm mayonez sousi.
Tayyorlanishi: Qaynab turgan suvga avvaldan tayyorlab taqsimlangan go’sht solib, past olovda qaynatiladi. Tayyor bo’lishiga 30 daqiqa qolganida sho’rvaga xom sabzavotlar, lavr yaprogi va tuz solinadi. Qaynatib sovitilgan go’shtni yupqa parrak shaklida to’g’rab, likopchaga solinadi va yoniga garnir solib, ustiga salatli qayla qo’yiladi. Sous dasturxonga alohida tortiladi.
Garnir: garnirga qaynatilgan sabzi, kartoshkani mayda bo’laklarga to’g’rab, yashil no’xat, halqasimon to’g’ralgan bodring petrushka ko’kati va pomidor kerak bo’ladi. Hamda salat ko’katlarini go’shtga qo’shib tortish mumkin.
Olxo’ri bilan tayyorlangan qo’y go’shti soni
- Kerakli masalliqlar:1 kg qo’y go’shti, 2 bosh piyoz, 1 dona sabzi, 250gramm olxo’ri, 500 gramm olma, 3 osh qoshiq shakar, koritsa, lavr yaprog’i, ukrop, petrushka, qora murch, tuz, 3 foizlik sirka.
Tayyorlanishi: Qo’y go’shtini 6 soat davomida tuz, sirka va ziravorlar sepib marinovka qilasiz. So’ng uni qaynab turgan sho’rva yoki suvga solib, ustiga piyoz, sabzi, 1/3 qism olxo’ri solib dimlaysiz. Bu vaqtda qolgan olxo’rini shakarga bostirib qo’yasiz. Olmalarning o’rtasini o’yib olib, shakar va koritsaga bostirib, duxovkada pishirib olasiz. Dimlangan qo’y go’shtini suyagidan ajratib, idishga solasiz va sovitib yoniga olxo’ri, pishirilgan olmalar solib, ko’katlarni ustidan sepgan holda dasturxonga tortasiz.
Qovurish uchun go’shtning faqatgina lahm qismi, ya’ni et va charvilari bo’lmagan qismidan ishlatiladi.
Dudlangan go’shtdan tayyorlangan ruletka
- Kerakli masalliqlar: Yupqa qilib to’g’ralgan 4 bo’lak dudlangan go’sht, 100 gr kartoshka, 100 gr sabzi, 100 gr loviya poya, o’simlik yog’i, limon sharbati, mayonez va tuz kerak bo’ladi.
Tayyorlanishi: Kartoshka, sabzi, loviya poyalarini suvda qaynatib olib, ezib, pyure holiga keltirasiz va sovitasiz. Bu vaqtda sabzavotlarni o’simlik yog’i, limon sharbati va mayonez bilan aralashtirib oling. Ushbu masalliqni dudlangan go’sht bo’laklari ustiga solib, rulet shaklida o’raysiz. Mayonez bilan birga dasturxonga torting.
Garnir bilan qovurilgan go’sht
- Kerakli mahculotlar: 900 gramm xom go’sht (mol, qo’y yoki buzoq go’shti) 400 gr yangi pomidor va yangi bodring, 200 gr ko’k salat, 200 gramm kornishonli sous yoki yerqalampir, sirkali sous…
Tayyorlanishi: Go’shtni tuzlab, har tarafidan qizartirib qovurasiz va tayyor bo’lguncha duxovkada pishirasiz. Qovurib sovitilgan go’shtni mayda bo’laklarga to’g’rab, likopcha ustiga terib chiqasiz va go’shtning atrofiga halqasimon shaklda to’g’ralgan bodring va pomidor hamda salat barglarini solasiz. Dasturxonga sous alohida tortiladi.
Dudlangan go’shtdan tayyorlangan kichkina ruletlar
- Kerakli mahsulotlar: 400 gramm go’sht, 1 stakan qaymoq, 30 gr shakar, ta’bga ko’ra limon sharbati, tuxum, 50 gr yerqalampir, 100 gr olma, 50 gr sabzi.
Tayyorlanishi: Qaymoqni ko’pirtirib, ustiga shakar, limon sharbati, tuyilgan yerqalampir, qirg’ichdan chiqarilgan olma va sabzi hamda maydalab qovurilgan tuxum solasiz va yaxshilab aralashtirasiz.
Dudlangan go’shtning yupqa qilib to’g’ralgan parraklari ustiga tayyorlab olingan masalliqni solib, rulet shaklida o’raysiz. Ruletning ustiga ko’pirtirilgan yerqalampir qo’shilgan qaymoq bilan bezatasiz.
Xamirga o’rab pishirilgan dudlangan go’sht
- Kerakli masalliqlar:7,5 kg dudlangan yoki qaynatilgan tovuq oyog’i, tuzlangan bodring, yerqalampir, 0,5—1 kg un, suv va charvi.
Tayyorlanishi: Undan xamir qorib, ushbu xamirdan ikkita zuvala yasab olasiz. Birini yog’ surtilgan patnisga yoyib, ustidan dudlangan yoki qaynatilgan go’shtni solasiz, ularni ikkinchi zuvala bilan yopib yoyiladi. Xamirning chetlarini bir-biriga yopishtirib chiqib, ustiga suv sepib chiqiladi. Patnisni duxovkaga solib, taxminan 3 soat mobaynida pishirasiz. So’ng uni duxovkadan chiqarib sovitasiz va bo’laklarga bo’lib, tuzlangan bodring yoki yerqalampir bilan dasturxonga tortasiz.
Qovurilgan til va go’sht
Go’sht mahsulotlaridan tayyorlanadigan taomlar uchun masalliqlar.
- Kerakli masalliqlar: 900 gr go’sht yoki til, 750 gr jele, 50 gr qaynatilgan sabzi, 2 dona tuxum, petrushka ko’kati, 200 gr sirka va xantalli sous.
- Go’shtni qaynatish uchun: 1 dona piyoz, 1 tagan petrushka, seldr ko’kati, 1 donadan sabzi, lavr yaprog’i va tuz.
Tayyorlanishi: Go’shtni suvga solib past olovda qaynatasiz. Tayyor bo’lishiga 30 daqiqa qolganida sabzavotlar va lavr yaprog’ini solib yaxshilab tuzlaysiz.
Qaynatilgan go’sht va tilni yupqa qilib eniga kesib chiqasiz. Idish yoki tovaga ozgina jele quyib tindirib qo’yasiz. So’ng jelening ustiga go’sht bo’laklarini terib chiqib yana jele quyiladi. Ularning ustidan qaynatilgan sabzi, petrushka va halqasimon shaklda to’g’ralgan qaynatilgan tuxum bo’laklari bilan bezatib chiqasiz. Ushbu masalliq ustidan yana jele quyiladi. Jele har bir bo’laklarning ustiga 1—2 sm qalinlikda yopishi lozim. Tindirilgan go’sht va tilni dasturxonga tortishdan avval, pichoq bilan kesib likopcha ustiga solasiz va petrushka ko’katlari bilan bezatib dasturxonga tortasiz. Sousni alohida torting.
«Pazandalik sirlari» ensiklopediyasidan