Sukut saqlash… Suhbatlashishing uchun senga eng kerakli inson bu – o’zing. Negaki, o‘zing o‘zingni boshqalarga nisbatan yaxshi bilasan. Hatto o‘zingni o‘zingdan-da yaxshiroq bilguvchi zot Ollohdir. To‘g‘ri, insonlar insonlar bilan muloqot qilganda, ishongan va suyangan odaming bilan suhbat qilsang, tor qalbing kengayadi, ichingda tipirchilayotgan ulkan hislaring taskin topadi. Axir, ruhlar ruhlarga muhtoj-ku. Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tmoqchiman, vaqt…
Vaqt hamma narsani ko‘rsatadi ham, hamma narsaga da’vo ham.
Inson kerakli joyida kerakli vaqtida sukut saqlash qobiliyatiga ega bo’lishi kerak. Insonning o‘zidan va boshqa insonlardan-da yaxshiroq hamrohi bu o‘zining sukunati. Inson sukut saqlay olsagina, sakinatga erisha oladi. Men ko‘pgina hollarda sukut-yaxshi suhbatdosh ekanligiga ishonaman. Chunki o‘zimni sukutim, meni sakinatga olib chiqmoqda. Shuning uchun ham sukut saqlagan insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchi va jur’ati ham o‘sib boradi.
Shuningdek, insonlar hayoti davomida turli-tuman suratdagi va siyratdagi odamlar bilan to‘qnash keladi. Hattoki, ko‘p hollarda ham bugun ko‘rgan insoningni ertaga yana bir bor uchratishing amrimahol. Demoqchimanki, odamlar bilan odamlar tez muloqotga kirishib keta olmaydi, undan ko‘ra sukut saqlashni afzalroq deb bilishadi.
Rostdan ham, yolg‘izlikning eng zo‘r hamrohi bu-sukut. Sukut hamma-hamma narsaga eng yaxshi javob. Sukut saqlab, yuzida turli qiyofalar paydo qilib, xayolidagi o‘ylar va fikrlarni hamrohiga tushuntirib bera olishi ham sukut saqlovchining mahorati.
Ko‘ngil gulshanida gullagan har bir so‘z ming bir gavharga loyiq, negaki bu ko‘ngilda necha yuz minglab tuyg‘ular xuddi o‘z irmoqlariga sig‘masdan, mana hozir… otilib chiqaman degudek bo‘ladi. Biz aslida sukut bilan bo‘lgan suhbatimizdan ko‘p hollarda mamnun bo‘lamiz. Boisi, bir qorong‘ulik ortidan yorug‘lik kelishini, har bir qora tun ortidan yana yangi kun kelishini bilganimizdek suhbatda bo‘lamiz.
Bu esa nafaqat bizlar uchun balki ko‘pgina tushunchalarni o‘z o‘rnida bilib, o‘z o‘rnida qo‘llay biladigan insonlarga ham bog‘liqdir. Bilasizmi, bulbullarning xonishi go‘yoki ularning qalbidagi nolalarini chiqarishga yordam berayotgandek. Nega aynan bulbullar? Ular ham Ollohning yaratgan maxluqoti. Ularning sakinati sukunatidan-da kuchliroqdir.
Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchimanki, insoning barcha fazilatlari emas balki chorak qismini sukut saqlay olishida deb bilaman. Qolgan qismlarni esa shunchaki his-tuyg‘ular boshqaradi. Ba‘zi insonlar sakinatga erishish yo‘llarini qidira boshlashadi. Shunchaki, eng oddiysidan boshlab qo‘ya qolsa bo‘ladi-ku. Yo‘q, ular eng murakkabidan boshlashni xohlashadi. Manimcha, sakinatga erishishning eng oddiy yo‘li- sukutdir. Axir, undan yaxshi suhbatdosh topish mumkinmi?
Sayfiddinova Marjona